icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

06.02.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansi bunyodkori Amir Temur milliy davlatchiligimiz va jahon tarixida beqiyos o‘rin tutadi.

Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab  kelingan bu ulug‘ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda.

Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, “Amir Temur” ordeni ta’sis qilingani, yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarga ulug‘ ajdodimiz nomi berilganini alohida qayd etish lozim.

Mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsad

1. Mazkur qarorning asosiy maqsadi buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hisoblanadi.

II. Tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar

2.  Fanlar akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mudofaa vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining quyidagi takliflari ma’qullansin:

(a) joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash;

(b) har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilish va uning doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchilar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish.

3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

(a) joriy yil 9-10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;

(b) Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bog‘liq turkum kitoblar, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarni tayyorlash va chop etish, shu jumladan:

(i) “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish;

(ii) “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish;

(v) temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish;

(g)  “Tirik tarix” loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish;

(d) Temuriylar davri manbalari elektron platformasini yaratish.

4. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi  Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini ta’minlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar o‘tkazsin.

5. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Tashkiliy qo‘mita (A. Aripov):

(a) Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarni (keyingi o‘rinlarda – tadbirlar) o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin, tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etsin;

(b) tadbirlar bo‘lib o‘tadigan hududlarni obodonlashtirish ishlarini, texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlasin;

(v) Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar va ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalarini muomalaga chiqarishni ta’minlasin;

(g) tadbirlarda qatnashuvchi chet ellik mehmonlarning O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport va tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalarini muvofiqlashtirsin;

(d) tadbirlar bo‘lib o‘tadigan hududlarda obyektlar va mehmonxona fondining tayyorligini ta’minlasin.

7. Toshkent shahri hokimligi 2026-yil yakuniga qadar Toshkent shahar mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan dunyodagi mashhur muzeylarning eng ilg‘or tajribalarini qo‘llagan holda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini rekonstruksiya qilish, jihozlash, raqamlashtirish va yangi ekspozitsiyasini yaratish ishlarini amalga oshirsin.

III. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

8. Tashqi ishlar vazirligi Fanlar akademiyasining buyurtmasiga asosan tadbirlarda ishtirok etuvchi chet ellik ishtirokchilar uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan, zarur hollarda, I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy media birlashmasiga tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.

11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo