05.02.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Islomobodga keldi.
Pokiston havo hududida oliy martabali mehmonning samolyotiga ushbu mamlakat Harbiy havo kuchlarining qiruvchi uchoqlari hamrohlik qildi.
“Nurxon” aeroportida davlatimiz rahbarini Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Ikki mamlakatning davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Dasturga muvofiq, bugun Mudofaa kuchlari Bosh qoʻmondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan muzokaralar va Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
Ertaga, 6-fevral kuni Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan uchrashuv va Oʻzbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etish rejalashtirilgan.


