27.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.
Mamlakatimizda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini roʻyobga chiqarishning amaliy jihatlari, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻtgan yilning oktabr oyida birinchi kam quvvatli reaktor binosi uchun poydevor qoʻyish ishlari boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Elektr stansiyani loyihalashtirish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, oʻtgan yili “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali negizida atom energetikasi va yadro texnologiyalari boʻyicha ilgʻor muhandislik maktabi ishga tushirildi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qoʻllash, sohada malakali kadrlarni tayyorlash, fanni rivojlantirish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.


