26.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati va tashkilot Bosh assambleyasi ishtirokchilarini qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Osiyo Olimpiya kengashining yangi saylangan prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy davlatimiz rahbariga Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekistonga xalqaro sport harakatining ishonchli hamkori sifatida yuksak ishonch bildirilib, tashkilot assambleyasini Toshkentda oʻtkazishga qaror qilingani uchun minnatdorlik izhor etdi.
Sportni rivojlantirish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash va amaliy natijalarga erishishga qaratilgan qoʻshma dastur hamda tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligi qayd etildi.
Tadbir yakunida Prezidentimiz sportni rivojlantirish va sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Osiyo Olimpiya kengashi bosh direktori, Butunjahon suv sporti federatsiyasi prezidenti Husayn al-Musallamga Oʻzbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.


