21.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi.
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko raisligida oʻtgan uchrashuvda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham qatnashdilar. YOII kuzatuvchi davlatlari rahbarlari – Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Masʼud Pezeshkiyon ishtirokchilarga videomurojaat yoʻlladilar. Taklif qilingan davlat vakili sifatida tadbirda Indoneziya Respublikasi savdo vaziri Budi Santoso ishtirok etdi.
Kun tartibidan koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, transportni rivojlantirish va oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish masalalari oʻrin oldi.
Oʻzbekiston Prezidenti nutqining avvalida YOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Keyingi toʻrt yilda kuzatuvchi davlat maqomidagi hamkorlik davrida Oʻzbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki baravarga oshdi va 20 milliard dollarga yaqinlashdi.
Savdo, sanoat, moliya tizimi, qishloq xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda 40 ga yaqin chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan 2026-yilgacha hamkorlik rejasi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Kelgusi yilda qoʻshma Ishchi guruhning beshinchi yigʻilishini Toshkentda oʻtkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish sohalarida YOIIning bir qator tarmoq dasturlarida faol ishtirok etmoqda.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining bu galgi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston va YOII oʻrtasida bojxona chegaralari orqali oʻtkazilayotgan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotni almashish toʻgʻrisida bitim tuzish yuzasidan muzokaralarni boshlash qarori qabul qilindi.
– Ishonchimiz komil, chegaralararo maʼlumotlar almashinuvi bojxona nazorati samaradorligini oshirishga, kechikishlarni kamaytirishga va transport tizimlarimizni Yevroosiyo yoʻlaklariga integratsiya qilishga xizmat qiladi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Xususan, davlatimiz rahbari oʻzaro tovar ayirboshlashda savdo toʻsiqlarini bosqichma-bosqich bartaraf etish muhimligini taʼkidladi. Texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlariga yondashuvlarni uygʻunlashtirish uchun MDH va YOII institutlari faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston yetakchisi ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va talablarni birxillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Texnik jihatdan tartibga solish, sertifikatlashtirish va bojxona maʼmurchiligidagi tafovutlar bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal etish uchun tarif va notarif toʻsiqlar boʻyicha “Oʻzbekiston – YOII” qoʻshma Muvofiqlashtiruvchi guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Sanoat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida mamlakatimiz rahbari mashinasozlik, energetika, agrosanoat majmui, kimyo va boshqa sohalardagi loyihalar roʻyxatini birgalikda tuzishni taklif qildi.
Oʻzbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qoʻshilishi munosabati bilan hamkorlikning strategik yoʻnalishlarini birgalikda belgilash hamda ustuvor infratuzilmaviy va “yashil” loyihalarni, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashni qamrab olgan “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish haqida gapirar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti bojxona maʼmurchiligini raqamlashtirish va yuk tashishda “uzluksiz” modelga oʻtish masalalari ustuvor vazifa ekanligini qayd etdi.
– Raqamli platformalarni, jumladan, elektron savdo va raqamli markirovkani uygʻunlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni YOIK bilan birgalikda tayyorlashni taklif etamiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Oʻzbekiston YOIIning, eng avvalo, biotibbiyot, yangi materiallar, agrotexnologiyalar, energetika va robototexnika yoʻnalishlaridagi texnologik platformalariga qoʻshilishdan manfaatdor.
Turizm almashinuvini ragʻbatlantirish va turistik mahsulotlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston turizm sohasida integratsiyalashgan axborot resursini shakllantirish ishlariga qoʻshilishga ham tayyorligini bildirdi.
Yakunda davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan keng qamrovli va oʻzaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga qatʼiy intilishini yana bir bor tasdiqladi.


