10.12.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev Koʻksaroy qarorgohida Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida fidokorona va mashaqqatli mehnati bilan noz-neʼmat yetishtirib, el dasturxoniga qut-baraka olib kirayotgan barcha dehqon, fermer, bogʻbon, chorvador, suvchi, agronom va mexanizatorlarga oʻzining chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.
– Sizlarning nafaqat qishloq xoʻjaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi beqiyos ishlaringiz har qancha tahsinga sazovor, – dedi Prezidentimiz.
Joriy yilda xalqimizning 3,5 milliondan ziyod vakili mehnat qilayotgan qishloq xoʻjaligida katta marralarga erishildi. Paxtachilikda mirishkor dehqon va fermerlarimiz tomonidan 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi. Ilk bor paxtada oʻrtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi.
Gʻallakorlarimiz bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratdi, oʻrtacha hosildorlik esa 85 sentner boʻldi. Sholikorlarimiz joriy yil 268 ming gektarda sholi ekib, 1 million 340 ming tonna hosil oldi, oʻrtacha hosildorlik 50 sentnerga yetdi.
Uch yilda 155 ming gektar bogʻ va uzumzor barpo etildi, intensiv bogʻlar 150 ming gektarga yetkazildi. Joriy yilda 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, 1 million tonna dukkakli va moyli ekinlar yetishtirildi.
Yil boshidan oziq-ovqat eksporti 37 foizga oʻsib, 3 milliard dollarga yetdi, yil yakuni bilan bu koʻrsatkich ilk bor 3,2 milliard dollardan oshadi. Meva-sabzavotlarimiz kirib borgan davlatlarning soni 18 taga koʻpayib, 83 taga yetdi.
– Albatta, bunday ulkan natijalar ortida dehqon va fermerlarimiz, klasterlar, umuman, qishloq va suv xoʻjaligi sohasidagi har bir insonning mehnati, jasorati, fidoyiligi turibdi, desak toʻgʻri boʻladi. Ularning zahmati, mard va olijanob fazilatlari har qancha eʼtirof va eʼtiborga munosib, – dedi Prezidentimiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9-dekabrdagi farmoniga muvofiq, sohada alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Prezidentimiz soʻzining davomida kelgusi yil uchun soha oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.
Yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxema boʻyicha paxta yetishtirish kelgusi yilda ommalashtirilib, 891 ming gektarda toʻliq shu sxema boʻyicha paxta yetishtiriladi. Koʻsak qurti, gerbitsid, shoʻr va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra koʻpaytirilib, 500 ming gektarga olib chiqiladi.
“Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekiladi. Buning uchun dalalarda tomchilab sugʻorish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratiladi. Oʻz mablagʻidan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard soʻm beriladi.
Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya beriladi.
Mahalliy yangi paxta navlarini yaratish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Xususan, ilmiy markazlarda 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish asosida paxta urugʻchiligi rivojlantiriladi. Genomika va Paxtachilik ilmiy institutlariga fitotron va issiqxona qurib beriladi.
Paxta yetishtirish uchun birja orqali mineral oʻgʻit va yoqilgʻini 10-15 foiz arzon narxda yetkazib berish amaliyoti kelgusi yilda ham davom ettiriladi.
Endilikda paxta va gʻalla yoʻnalishidagi fermerlarning alohida reytingi yuritiladi.
Bunda kamida 10 yildan ortiq ishlayotgan, kredit, lizing va soliqdan muddati oʻtgan qarzi boʻlmagan fermerlarga reytingiga qarab Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan berilayotgan imtiyozli kredit stavkalari yanada pasaytiriladi. Yaʼni reytingning yuqori pogʻonasida turgan fermerlarga kredit stavkasi paxta uchun 8 foiz, gʻalla uchun 10 foiz qilib belgilanadi.
Mirzachoʻlda innovatsion qishloq xoʻjaligi maktabi tashkil qilinmoqda. Butun respublikadagi 1 ming nafar fermer ushbu maktabda choʻl sharoitida paxta yetishtirish boʻyicha oʻqitiladi. Ushbu maktabda oʻqib, sertifikat olgan fermerlarga reytingda qoʻshimcha 10 ball beriladi.
Malakali agronomlarni koʻpaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Shu bois, Agrar universitetning 180 nafar talabasi dual taʼlim asosida ilgʻor klaster va fermerlarda ishlab, amaliyot oʻtaydi. Agronomlik sirlarini oʻrgatgan fermer va klasterga har bir talaba uchun 5 million soʻmdan pul, talabaga esa 1,5 million soʻm stipendiya toʻlanadi.
Fermerlar faoliyatiga yangiliklarni olib kirib, sifatli urugʻ va nav, zamonaviy agrotexnologiya yordamida hosildorlikni oshirish va xarajatlarni qisqartirishga koʻmaklashgan yosh agronomlarga 2 ming dollardan oylik toʻlanadi.
Paxtachilikda mexanizatsiyalash darajasini 85 foizga yetkazish uchun kelasi yil yana 800 ta terim mashinasi, 450 ta koʻp funksiyali seyalka va 3 ming dona plyonka yigʻadigan mashina olib kelinishi belgilandi.
Umuman, paxtachilikdagi ishlarni yanada jonlantirish uchun 2026-yil dehqon va fermerlarni qoʻllab-quvvatlashga 35 trillion soʻm beriladi.
Gʻallachilikda ham shoʻr, suvsizlik va issiqqa chidamli yangi navlarni yaratish borasidagi izlanishlar yanada kuchaytirilishi taʼkidlandi. Oʻz mablagʻi hisobidan gʻalla yetishtirgan fermerlarga paxtadagi kabi hosilining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, yangi bogʻ va tokzorlarni tashkil qilish, eskilarini yangilash boʻyicha uch yillik dastur qabul qilinadi.
Endilikda intensiv bogʻ tashkil qilish uchun 7 yilga 3 yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi. Muzlatkichli ombor uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplanadi. Sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga qadoqlash xarajatining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Meva-sabzavotni koʻpaytirish uchun yaylov, qir va adirlardan samarali foydalanish juda muhimligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda sanoatlashgan bogʻ, tokzor tashkil qilish, sabzavot, ozuqa ekini yetishtirish uchun adir yerlar qiymatining 1 foizi miqdoridagi narx bilan auksionda sotiladi. Auksion gʻoliblari yerni boshqa odamga qayta ijaraga berishi mumkin boʻladi va ijara huquqi bepul roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Hozirgi tez oʻzgaruvchan sharoitda bozorlardagi narx-navo barqarorligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doimiy diqqat markazida boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Hozirda kuz-qish uchun asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari zaxira qilinmoqda. Endi bu ishni yil davomida amalga oshirib, narxlar barqarorligini taʼminlash uchun doimiy intervensiya tizimi joriy etilishi eʼlon qilindi.
Yana bir muhim, eʼtibor qaratish zarur boʻlgan masala – goʻsht va sut mahsulotlarini koʻpaytirish.
Kelgusi yilda chetdan 100 ming bosh qoramol va 200 ming bosh qoʻy-echki olib kelinadi. Paxta va gʻalla yoʻnalishidagi fermerlarga oʻz yerida chorvachilikni yoʻlga qoʻyish uchun 20 sotixgacha joyda yengil konstruksiyali bino qurishga ruxsat beriladi. Import qilingan nasldor qoramol va bir kunlik joʻja uchun subsidiya ajratish tartibi yana 5 yilga uzaytiriladi.
Chorvachilik loyihalari uchun keyingi yil Jahon banki va Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasidan olib kelingan resurslar hisobidan 157 million dollar yoʻnaltiriladi. Ushbu mablagʻlar chorvadorlarga 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan 17 foizdan beriladi.
Baliqchilikda naslni yangilash, hosildorlikni oshirish va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha ham bir qator yangiliklar joriy qilinadi.
Jumladan, karp va sovuq suv baliqlari boʻyicha Vengriya va Norvegiyadagi hamkorlar bilan Yangiyoʻl va Boʻstonliq tumanlarida 2 ta naslchilik markazi tashkil qilinadi.
Chetdan nasldor ona baliq olib kelish xarajatining yarmi qoplab beriladi. Baliqchilik xoʻjaliklari inkubatsiya, laboratoriya, yopiq suv aylanma tizimlarini import qilishda bojxona bojidan ozod etiladi. Intensiv baliqchilikni yoʻlga qoʻygan xoʻjaliklarga yer va mol-mulk soliqlari 2 karra kamaytiriladi.
Qishloq xoʻjaligidagi subsidiyalar shu paytgacha 6 ta vazirlik tomonidan ajratilayotgan edi. Shu bois, barcha subsidiyalar boʻyicha moliyaviy xizmatlarni bir joyda koʻrsatadigan Agrar sohada toʻlovlar agentligi tashkil etildi.
Agentlik tomonidan kelasi yil dehqon va fermerlarga 2 trillion 200 milliard soʻmlik subsidiya beriladi. Bunda subsidiya ajratish jarayoni hozirgi 4 bosqichdan 2 bosqichga, uni olishga ketadigan vaqt esa 1 oydan 15 kunga qisqaradi.
Keyingi yildan hosilni ixtiyoriy sugʻurtalash paxta, gʻalla va issiqxonada yetishtiriladigan mahsulotlardan boshlanishi belgilandi. Bunda sugʻurta uchun toʻlovni 50 foizi budjetdan qoplab beriladi.
Shu yilning oʻzida 100 dan ortiq dron yordamida yer maydonlari va ekinlar monitoringi, ilgʻor agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Keyingi yil Xitoydan yana 50 dan ortiq zamonaviy agrodronlar olib kelinadi. Har bir viloyatda kamida 2 tadan dron mobil kompleksi orqali agroxizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
Yana bir masala – respublikada ekin maydonlaridan oʻtgan 70 ming kilometr uzunlikdagi ochiq drenaj va kollektorlar bor. Agar ular bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʻtkazilsa, ekin ekish uchun qoʻshimcha maydon ochiladi, zovurlarni tozalash xarajatlari karrasiga tejaladi.
Shu bois, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga oʻtkazish boʻyicha alohida dastur qabul qilinib, bu maqsadlar uchun 100 million dollar ajratilishi belgilandi.
– Men bir gapni takror aytishdan charchamayman. Ilm va izlanish boʻlmagan sohada rivojlanish ham, yuksalish ham, taraqqiyot ham boʻlmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Bugun agrar sohada 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya, ularda juda katta salohiyatga ega yuzlab olim va ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda.
Bu salohiyatdan toʻliq foydalanish uchun “ilm-fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasini taʼminlaydigan Qishloq xoʻjaligi fanlar akademiyasi tashkil etiladi. Ushbu akademiya qishloq xoʻjaligidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga masʼul boʻladi.
Bundan tashqari, 500 nafar ilgʻor fermer, bogʻbon va eksportchilar Xitoy, Turkiya, Gollandiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilib, oʻqitiladi.
Uchrashuvda qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz ularning qoʻshimcha takliflari va fikrlarini tingladi.


