02.12.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahrida joylashgan “Koʻk saroy” savdo va xizmat koʻrsatish majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda savdo sohasida zamonaviy xizmatlar koʻrsatish, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jizzax shahridagi 3,5 gektar maydonda faoliyat yuritayotgan “Koʻk saroy” majmuasi savdo va maishiy xizmat sohasida viloyatdagi eng yirik obyektlardan biridir.
Bu yerda 300 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari ish boshlagan. Natijada 800 dan ziyod ish oʻrni yaratildi, jumladan, ehtiyojmand toifadagi 100 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.
Majmuada yirik savdo tarmoqlarining filiallari, 10 ta yirik mahalliy va xorijiy brend ishlamoqda, 250 ta savdo doʻkoni, fud-kort va bolalar maydonchasi joylashgan. Koʻrsatilgan xizmatlar hajmi yiliga 223 milliard soʻmni tashkil etmoqda.
Eʼtiborlisi, majmuada kutubxona va kitob doʻkoni ham tashkil etilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichi sifatida 1 mingta savdo shoxobchasini oʻz ichiga olgan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan uch qavatli “Ekobozor” qurilishi rejalashtirilgan. Natijada 2 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Prezidentimiz majmua faoliyati bilan tanishib, tashrif buyurganlar bilan samimiy muloqot qildi. Xizmatlarni kompleks yondashuv asosida yanada rivojlantirish, bunday markazlarni boshqa hududlarda ham koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shu bilan davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.


