26.11.2025
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram faxriylar, ustoz va murabbiylar, azm-u shijoatli oʻgʻil-qizlarim!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun sizlar bilan Yangi Oʻzbekiston timsoli boʻlgan mana shu muazzam Olimpiya shaharchasida Prezident Olimpiadasiga start beryapmiz.
Mamlakatimizda birinchi marta oʻtkazilayotgan, butun yurtimiz yoshlarini Olimpiya harakatining ezgu gʻoyalari asosida birlashtirayotgan ushbu sport bayrami barchamizga muborak boʻlsin!
Aziz doʻstlar!
Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratyapmiz. Soʻnggi sakkiz yilda budjetdan sportga berilayotgan yillik mablagʻ 250 milliard soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi; trenerlarning oʻrtacha maoshi 7 barobar koʻpaydi; 250 dan ziyod yirik sport obyektlari yangidan qurildi, 100 ga yaqin obyekt rekonstruksiya qilindi; mahallalarda, ayniqsa, chekka-chekka qishloqlarda 2 mingga yaqin sport maydonchalari barpo etildi, ularning sonini har yili 500 taga oshirib boryapmiz; 14 ta olimpiya va paralimpiya markazlari toʻliq zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlandi.
Bu ishlarimiz yurtimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi va sporti yuksak darajada rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Jumladan, Parij Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida mard va bahodir sportchilarimiz chinakam jasorat koʻrsatib, 13-oʻrinni egallaganliklari har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.
Ana shunday zafarli yurishning davomi sifatida joriy yilda yoshlarimiz Jahon universiadasida 13-oʻrinni, Bahraynda oʻtkazilgan Yoshlar oʻyinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida faxrli 2-oʻrinni egalladi.
Ayniqsa, oʻgʻil-qizlarimiz jahon, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida 50 dan ortiq rekord natijalarga erishgani yurtimizning xalqaro Olimpiya harakatidagi oʻrni va nufuzini yaqqol koʻrsatib turibdi.
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani xalqimiz 34 yil kutgan tarixiy voqea boʻldi.
Shu kunlarda shaxmat boʻyicha Jahon kubogi yarim finalida bir paytning oʻzida 2 nafar shaxmatchimiz qatnashmoqda. Hozirgina xushxabar oldik. 19 yoshli xalqaro grossmeysterimiz Javohir Sindorov Hindistonda oʻtayotgan mazkur nufuzli turnirda gʻalaba qozonib, jahon kubogini qoʻlga kiritdi. Endi u jahon toji uchun daʼvogarlar turnirida qatnashadi va bunday natijalar butun xalqimizni albatta quvontiradi.
Hech shubhasiz, Yangi Oʻzbekistonning sport tarixini ana shunday yuzlab irodasi mustahkam, jasur va matonatli, yuksak intellektual salohiyatga ega oʻgʻil-qizlarimiz yaratmoqda.
Bunday qahramon sportchilarimizga shon-sharaflar boʻlsin! Ularning boshi uzra Vatanimiz bayrogʻi hamisha magʻrur hilpirab tursin!
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Albatta, erishilgan natijalar oʻzimizniki. Eng muhimi, izlanish va harakatdan toʻxtab qolmasligimiz kerak.
Dunyoda barcha sohalar qatori sportda ham qanday keskin kurash va raqobat kechayotganini hammamiz koʻrib turibmiz. Bu esa nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.
Bu ishlarni eng quyi boʻgʻin boʻlgan mahalladan boshlash uchun joriy yil besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari tizimiga 15 million aholi qamrab olindi.
Adaptiv sportga berilayotgan eʼtibor tufayli soʻnggi uch yilda parasportchilar soni qariyb 7 karra oshib, 70 mingdan ortiq nogironligi bor shaxslar ommaviy sportga jalb etildi.
Sohani raqamlashtirib, shaffof tizim yaratganimiz hisobidan barcha 10 mingta maktab va 9 mingta mahalladagi oʻgʻil-qizlarimiz oʻz salohiyatini namoyon qilish imkoniga ega boʻldi.
Endi eng iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni katta sportga yoʻnaltirish boʻyicha mutlaqo yangi tizim – Prezident Olimpiadasi oʻyinlarini boshlayapmiz.
Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida umumtaʼlim maktablaridagi sport toʻgaraklari, xususiy sport klublari va 310 ta sport maktabidan 100 mingdan ortiq yoshlarimiz ishtirok etdi.
Viloyat hokimlari oʻzlari bosh boʻlib, joylarda eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarimizni Prezident Olimpiadasiga olib keldi. Ular sportning 10 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻzaro bellashuvlarni boshladi. Gʻoliblar maxsus sovrinlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng asosiysi, ular terma jamoalarga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻnaltiriladi.
Aʼlo darajadagi tayyorgarlikni davom ettirish uchun ular Olimpiya va Paralimpiya markazlariga qabul qilinadi hamda har biriga stipendiya beriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, bundan buyon har yili oʻtkaziladigan Prezident Olimpiadasi yangi iqtidorlarni kashf qilib, samarali seleksiya tizimiga aylanadi.
Kelgusi yildan boshlab suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy oʻyinlar boʻyicha ham musobaqalar oʻtkazilib, Prezident Olimpiadasidagi sport turlari 20 taga yetkaziladi.
Sport vazirligi, Olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari Prezident Olimpiadasining har bir bosqichiga xalqaro sport talablarini toʻliq tatbiq qiladi; yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash uchun trenerlarni zamonaviy metodologiya va yondashuvlar asosida oʻqitish tizimini yoʻlga qoʻyadi; musobaqa natijalarini ochiq va shaffof baholash uchun hakamlarning salohiyatini oshirib boradi.
Viloyat hokimlari sport turlaridan kelib chiqib, sport maktablari va toʻgaraklaridagi sharoitlarni yaxshilab, zamonaviy inventarlar bilan toʻliq taʼminlaydi; har yili kamida 10 tadan mahallada zamonaviy sport zallarini qurib, xususiy sport klublarining boshqaruviga beradi.
Xabaringiz bor, kelgusi yil 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasida jahon chempionati hamda 2029-yilda Yoshlar Osiyo oʻyinlari Oʻzbekistonda oʻtkaziladi.
Bugungi tadbirimiz boʻlib oʻtayotgan ushbu muhtasham Olimpiya shaharchasi, joylarda barpo etilayotgan zamonaviy sport infratuzilmalari mana shunday nufuzli xalqaro turnirlarni yuksak saviyada tashkil etish uchun katta zamin yaratmoqda. Bunday yirik musobaqalar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, katta mahorat maktabi boʻladi, mamlakatimizning doʻstlik va hamkorlik diyori sifatidagi xalqaro obroʻ-eʼtiborini yanada oshiradi.
Prezident Olimpiadasi tizimi esa hech shubhasiz, bunday musobaqalarga javohir sportchilarni tanlab olishga, xususan, 2028-yilda Los-Anjelesda oʻtadigan Olimpiya oʻyinlari uchun har bir hududdan litsenziyalar sonini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Kelgusida ularning orasidan Bahodir Jalolov, Ulugʻbek Rashidov, Diyora Keldiyorova, Akbar Joʻrayev kabi jahon va Olimpiya chempionlari albatta yetishib chiqishiga ishonaman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Donishmandlar aytganlaridek, irodasi kuchli inson, xalq va millatni yengib boʻlmaydi.
Ayniqsa, sport qanday buyuk kuch, qanday yuksak oʻrnak va namuna ekanini bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan siz, hurmatli sportchilarimiz, soha faxriylari, ustoz-murabbiylar yaxshi bilasiz.
Agar sizlar oʻzingizdagi katta tarbiyaviy salohiyat va hayotiy tajribani yoshlarimizga singdirsangiz, ularni bilimli va aqlli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga hissa qoʻshsangiz, sizlardan xalqimiz ham, Prezident ham minnatdor boʻladi. Chunki turli zararli gʻoya va taʼsirlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda yosh avlodimizni har tomonlama sogʻlom etib tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Men bu borada sportni tarbiyadan, tarbiyani esa sportdan ayri holda tasavvur etolmaydigan sizdek hurmatli sportchilar, faxriylarimiz va ustoz-murabbiylarga tayanaman.
Aziz sportchi oʻgʻil-qizlarim!
Hech qachon unutmang, sizlar mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan Prezident Olimpiadasi qatnashchilarisiz. Ana shunday nom bilan tarixga kirasiz. Ushbu yuksak maqomga munosib boʻlib, barchangiz mahorat, halollik va jasorat namunalarini koʻrsatasiz deb ishonaman.
Sportning murakkab va masʼuliyatli yoʻlida zimmangizda hali aziz Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarib, uni jahonga tarannum etishdek buyuk vazifalar turibdi.
Ana shunday ulugʻ va muqaddas burchni ado etishga hozirdan tayyor boʻling!
Izlanish, oʻrganish va chiniqishdan hech qachon toʻxtamang!
Doimo shijoat va qatʼiyat bilan, dadil olgʻa bosavering!
Bu yoʻlda davlatimiz, Prezident sizlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi.
Barchangizga omad va zafarlar yor boʻlsin, aziz farzandlarim!


