24.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniMamlakatimizda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini tubdan oshirish, ochiq va shaffof tartib-taomillar asosida sud organlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish, aholining sud himoyasida bo‘lish huquqini samarali ta’minlash, sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari etib belgilansin:
(a) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilg‘or xalqaro standartlar keng joriy etilishini ta’minlash;
(b) sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash;
(v) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;
(g) sud tizimida gender tenglikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish.
II. Sud mustaqilligiga oid ilg‘or standartlarni joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish
2. Sudyalar oliy kengashining (keyingi o‘rinlarda – Kengash) qonunchilikka sudyaning almashtirilmasligiga oid tamoyilni kiritish bo‘yicha quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibini bekor qilib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibini belgilash;
(b) tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga ko‘ra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibini o‘rnatish;
(v) sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash.
3. Kengash va Oliy sudning Kengash tarkibini shakllantirish tartibini sudyalar hamjamiyati organlarining ishtirokini oshirish orqali yanada takomillashtirish bo‘yicha quyidagi takliflari ma’qullansin:
(a) Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga nomzodlar tegishli sud sudyalari malaka hay’atlari tomonidan tavsiya etilishi. Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari lavozimiga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil ishlagan sudyalar nomzodi ko‘rsatilishi mumkin;
(b) Kengashning jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi a’zolari tarkibiga nomzodlar huquq sohasidagi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan tavsiya etilishi.
4. Kengash Oliy sud bilan birgalikda uch oy muddatda Kengashning doimiy asosda faoliyat yurituvchi sudyalari tarkibini quyidagi sud sudyalari orasidan shakllantirish tartibini joriy etish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin:
(a) Oliy suddan – ikki nafar sudya;
(b) viloyat darajasidagi sudlardan – yetti nafar sudya;
(v) tumanlararo, tuman, shahar sudlaridan – to‘rt nafar sudya.
5. Kengashning sudyalik lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha xulosalar quyidagi sudyalar hamjamiyati organlari tomonidan taqdim etilishini nazarda tutuvchi tartibni qonunchilikka kiritish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
(a) sudyalar malaka hay’atlari – harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining sudyalari, hududiy harbiy sudlarning, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari, rais o‘rinbosarlari va sudyalari lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha;
(b) Sudyalar oliy malaka hay’ati – Oliy sud sudyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari va rais o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha.
6. Kengash va Oliy sudning sudyalar hamjamiyati organlarining mustaqilligini oshirish maqsadida Kengash va Sudyalar oliy malaka hay’atining qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish tartibini bekor qilish haqidagi taklifi ma’qullansin.
7. Kengash raisiga, uning konstitutsiyaviy maqomidan kelib chiqqan holda, quyidagi vakolatlar berilsin:
(a) sudyalar tomonidan Sudyalar odobi kodeksi normalari buzilgan yoki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlarda sudyalar malaka hay’atlari tomonidan intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki tayinlangan intizomiy jazo sudya sodir etgan qilmishga
mos emas deb topilgan taqdirda, malaka hay’atlarining tegishli qarorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taqdimnoma kiritish;
(b) Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash.
8. Kengash vakolatlariga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari vazirlik va idoralar tomonidan Kengash bilan majburiy tartibda kelishib olinishi belgilansin.
III. Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlik darajasini oshirish va sud boshqaruvini takomillashtirish
9. 2025-yil 15-dekabrga qadar Kengashning rasmiy veb-saytida quyidagilarni ochiq e’lon qilib borish amaliyoti joriy etilsin:
(a) sud tizimida mavjud bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga oid ma’lumotlar hamda ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi;
(b) sud tizimida sudyalik lavozimlari, shu jumladan, rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash hamda tayinlash bo‘yicha barcha bosqichlarga oid ma’lumotlar.
10. Kengash faoliyatiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va o‘rganish jarayonini raqamlashtirish maqsadida:
(a) sudyalik lavozimlariga nomzodlardan ortiqcha ma’lumotlar talab etilishiga chek qo‘yish maqsadida “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi Kengashning axborot tizimi bilan to‘liq integratsiya qilinsin;
(b) sudyalar faoliyati samaradorligini baholashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilsin;
(v) sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha sudyaning kasbiga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dasturni takomillashtirish choralari ko‘rilsin;
(g) Kengash majlislarida yopiq ovoz berish va qaror qabul qilish jarayonlariga raqamli texnologiyalar joriy etilsin.
11. Kengash faoliyatining samaradorligini oshirish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha 4 ta shtat birligi ajratilsin.
12. Kengash umumiy shtat birliklarining cheklangan soni 32 ta, shu jumladan, sudyalik lavozimlari – 13 ta, ijro apparati xodimlari – 10 ta, moliya-xo‘jalik bo‘limi xodimlari – 6 ta etib belgilansin.
IV. Sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish
13. Kengash (X.Yodgorov), Oliy sud (B.Islamov) va Bosh prokuratura (N.Yo‘ldoshev) uch oy muddatda quyidagilar bo‘yicha tahliliy ma’lumotnoma kiritsin:
(a) adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qonunchilik normalarini sud mustaqilligiga oid xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqish;
(b) Kengash a’zolarining sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash borasidagi faoliyatiga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini belgilash;
(v) sudyalar va sud xodimlari kunini belgilash.
14. Kengash va Oliy sudning sudya mustaqilligi va javobgarligi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash maqsadida sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash tizimini shaffof va adolatli qilish bo‘yicha quyidagi takliflari ma’qullansin:
(a) sudyaga nisbatan intizomiy ish ko‘rib chiqishda uning himoyaga bo‘lgan huquqini taqdim etish;
(b) quyi sudyalik lavozimiga o‘tkazish intizomiy jazo chorasini joriy etish;
(v) intizomiy jazo amalda bo‘lgan vaqtda yuqori sudyalik lavozimiga tavsiya etilmaslik;
(g) sudyani intizomiy javobgarlikka tortish asoslarining aniq mezonlarini belgilash.
V. Sudyalar korpusida gender tenglikni ta’minlash va ilmiy salohiyatni oshirish
15. Sudyalar korpusida gender tenglikni ta’minlash maqsadida:
(a) Kengashning Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda har yili zaruratga qarab Kengash tomonidan xotin-qizlar uchun kvota belgilash haqidagi taklifiga rozilik berilsin;
(b) tashabbuskor sudyalar guruhi tomonidan O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
16. Sud tizimida kamida besh yillik mehnat tajribasiga va ilmiy salohiyatga ega sudyalar qonunchilikda belgilangan tartibda Odil sudlov akademiyasiga professor-o‘qituvchi lavozimiga tayinlanganda Akademiyadagi faoliyati tugagandan so‘ng uning muqaddam ishlagan sudyalik lavozimida ishni davom ettirishi, bo‘sh turgan sudyalik lavozimi bo‘lmagan taqdirda, roziligi bilan avvalgisiga teng boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi belgilansin.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
17. Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini yanada oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6127-son Farmoni 8-bandining uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari hamda 2-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
19. Kengash (X.Yodgorov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
20. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov belgilansin.
21. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari N.J.Xakimova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev


