17.11.2025
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov “Shovot-Toshhovuz” qo‘shma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlarining ma’muriy binolari, savdo pavilyoni va omborlar joylashgan.
Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, interfaol tizimlar, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun zarur infratuzilma, shuningdek, katta avtoturargoh ham tashkil etilgan.
Zona faoliyati umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod bo‘lgan ikkita muhim hudud – O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.


