15.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 16-17-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibiga O‘zbekiston – Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika, madaniy va gumanitar sohalarda kengaytirish masalalari kiritilgan.
Tashrif doirasida davlat rahbarlari “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasining ochilish marosimida ishtirok etishadi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari xalqaro hamda mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Sammit yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi va ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.
Turkmaniston Prezidenti, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.


