13.11.2025
Qadrli do‘stlar!
Avvalambor, Siz, azizlarni – Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjondan tashrif buyurgan taniqli olim va tadqiqotchilar, madaniyat va san’at namoyandalarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini, boy ma’naviy-ma’rifiy merosimizning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan birinchi xalqaro kongressning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan g‘oyat mamnunman.
Ma’lumki, azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon xalqlarini umumiy tarix va madaniyatimiz, boy ma’naviy va ilmiy merosimiz yanada birlashtirib keladi.
Mamlakatimiz hududida yashab ijod qilgan buyuk tafakkur sohiblari dunyoni bilim va ma’rifat nuri bilan munavvar etib, fundamental asarlari, mashhur ilmiy kashfiyotlari orqali jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganlar.
Mazkur anjuman yangi barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tayotgani albatta bejiz emas. Ushbu muazzam majmuada uch ming yildan ziyod shonli tarix, jumladan, mintaqamiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarini, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti va kelajagini mujassam etgan noyob intellektual-ma’naviy maskanda Sizlar bu haqiqatni yaqqol his qilishingiz mumkin.
Hurmatli kongress ishtirokchilari!
Turli mintaqalarda ziddiyat va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda tinchlik va barqarorlikni saqlash, har bir ishda ilm va ma’rifatga tayanish, turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish barchamizning eng dolzarb vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda bu borada katta islohotlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda qariyb 500 ta yangi umumta’lim maktabi barpo etilgani, oliy o‘quv yurtlarining soni 77 tadan 202 taga yetgani, Prezident maktablari, buyuk olim va mutafakkirlar nomlari bilan ataladigan ijod maktablari faoliyat ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Xalqaro hamkorlarimiz bilan ma’naviy-ma’rifiy merosni saqlash bo‘yicha tajriba va fikr almashish, birgalikdagi qo‘shma tadqiqot va loyihalarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olish bundan keyin ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Sizlarning ishtirokingizda Markaziy Osiyodagi islom sivilizatsiyasining global ma’rifatchilik harakati, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi loyihasini ishlab chiqsak bu borada katta amaliy qadam bo‘ladi. Biz kelgusi yili BMTning Bosh qarorgohida buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosiga bag‘ishlab tashkil etiladigan taqdimot doirasida mazkur rezolyutsiyani qabul qilish bo‘yicha alohida tadbir o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Buyuk tarixga ega Markaziy Osiyoning ilm-fan va ma’rifat markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlash uchun birgalikda samarali ish olib borishimiz zarur va bu sharafli yo‘lda barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.
Bugungi anjuman kelgusida ham doimiy o‘tkazilib, ilmiy-madaniy hayotimizda samarali muloqot maydoniga aylanishiga ishonaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, sharafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, kongress ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


