12.11.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniO‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4–6-noyabr kunlari AQSHga tashrifi davomida “C5+1” sammiti doirasida O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari va Amerika tomoni bilan kelishgan holda AQSH Prezidenti vakili hamraisligida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini (keyingi o‘rinlarda – Kengash) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga O‘zbekiston tomonidan Kengash tarkibini, uning reglamentini va faoliyati tartib-taomillarini tasdiqlash vakolati berilsin.
3. Belgilansinki, Kengashga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan quyidagi masalalarni ishlab chiqish ustuvor hisoblanadi:
(a) strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalari ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, ular amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish;
(b) O‘zbekistonga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish, yirik investorlar sifatida Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ni va O‘zbekiston tomonidan ham investorlarni belgilash, shuningdek, muhim infratuzilmaviy va strategik loyihalarni moliyalashtirish va xatarlarni taqsimlash uchun yirik moliya institutlarini (YTTB, XMK, OTB) jalb qilish;
(v) tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish;
(g) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarini tizimli ravishda ilgari surish;
(d) mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha takliflar kiritish.
4. Tashqi siyosiy va davlat tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasiga qo‘shimcha maslahatchi-elchi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining AQSHdagi vakili (keyingi o‘rinlarda – maslahatchi-elchi) lavozimi kiritilsin. Belgilansinki:
(a) maslahatchi-elchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish, shuningdek, faoliyati reglamentini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi;
(b) maslahatchi-elchi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga hisobdor va O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari faoliyatini ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish qismida qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi.
5. Maslahatchi-elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
(a) O‘zbekiston va AQSHda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri tashabbus ko‘rsatish va muhokama qilish;
(b) O‘zbekiston tomonidan Kengash ishini kompleks muvofiqlashtirish.
6. Investitsiya-savdo blokini mustahkamlash va ishbilarmonlik hamkorligini kengaytirish, Kengashning masala va loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, maslahatchi-elchisi faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
(a) O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda uch hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi xodimlari shtat birligini ko‘paytirish to‘g‘risida taklif kiritsin;
(b) bir oy muddatda AQSH hududida qo‘shimcha konsulliklar ochish masalasini ishlab chiqsin, bunda geografik qamrovni ta’minlash uchun kontingentga AQSH tarmoqlarining asosiy xablari bilan ishlovchi xodimlar va mutaxassislarni kiritsin hamda vatandoshlar yirik diasporalari eng ko‘p to‘plangan hududlarni (Filadelfiya, Chikago, Orlando va Sietl shaharlari) hisobga olsin.
7. AQSHning barcha shtatlarida yashab kelayotgan o‘zbek diasporalari bilan samarali hamkorlik modelini ishlab chiqish va muvaffaqiyatli amalga oshirish – AQSH hududida yangidan tashkil etilayotgan konsulliklarning asosiy vazifalaridan biri etib belgilansin.
8. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy korxonalarning ustav fondini shakllantirish (yoki kapitalda ishtirok etish) uchun AQSHdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha rezidentlar operatsiyalari – O‘zbekiston Respublikasidagi banklarda rezidentlar hisoblaridan pul mablag‘larini o‘tkazish, AQSHdagi filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish cheklovlarsiz, rezidentlar hisoblaridagi mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur band talablaridan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar kiritsin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda daromadni oshirish maqsadida Kengashga eng foydali va yuqori likvidli, shu jumladan, AQSHda joylashgan aktivlarga yo‘naltirish uchun mamlakatning investitsiya aktivlari va valyuta zaxiralari tuzilmasini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
(a) ikki hafta muddatda Amerika tomoni bilan birgalikda doimiy ofisi AQSHda bo‘lgan Kengashning ijro organi xodimlari doimiy shtatini, shu jumladan, AQSH mutaxassislaridan iborat tarkibda shakllantirish masalasini o‘rganib chiqsin;
(b) yigirma kun muddatda O‘zbekiston tomonidan Kengashning reglamenti va faoliyati tartib-taomillarini tasdiqlash uchun kiritsin;
(v) bir oy muddatda:
(i) O‘zbekiston tomonidan Kengash tarkibini, shu jumladan, unga Amerika ishbilarmonlik va investitsiya hamjamiyati nufuzli vakillarini jalb qilgan holda tasdiqlashga kiritsin;
(ii) Amerika tomoni bilan Investitsiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar boshlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev


