
14.10.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-oktyabr kuni mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda mahalla institutini isloh qilish va uni xalq hayotiga yaqin, samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi. Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi, infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda.
Davlatimiz rahbari bulardan samarali foydalanib, natija ko‘rsatayotgan mahallalar ko‘pligi, lekin ayrimlari yagona jamoa bo‘lib ishlab ketishni haligacha o‘rganmaganini ko‘rsatib o‘tdi.
– Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, “yettilik”ni ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak, – dedi Prezident.
O‘tgan hafta imzolangan qarorga muvofiq, Yangi O‘zbekiston ruhi kirib borishi kerak bo‘lgan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi.
Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi. Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion so‘m beriladi.
Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimlarining o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so‘mdan yo‘naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir oy oldin “Tashabbusli budjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarning o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani ta’mirlashni boshlagan bo‘lsa, xarajatining yarmini davlat ko‘taradi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana 1 mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Prezidentimiz bu borada yana bir yangilikni e’lon qildi. Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘langanlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini e’lon qiladi.
Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli budjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi budjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi.
Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla budjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar budjetiga 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.
Umuman, ushbu manbalar hisobidan kelgusi bir yil uchun 2 mingta mahallaga qo‘shimcha 8,5 trillion so‘m mablag‘ beriladi.
Tuman hokimlari ushbu imkoniyatlardan unumli foydalani, “mahalla yettiligi” bilan yangi yondashuvlar asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.
Masalan, Norindagi Sho‘rariq mahallasi atrofidagi yana 6 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadigan markazga aylanmoqda. Bundan ruhlanib, o‘nlab tadbirkorlar turli loyihalarni ilgari surdi. Ushbu mahallalarga arxitektor va urbanist jalb qilingani natijasida 7 ta mahalla qiyofasini butunlay o‘zgartirish uchun imkoniyat paydo bo‘lyapti.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Islohotlar shtabi bilan birga birinchi bosqichda 33 ta tuman va 330 ta mahallada ishlarni ana shunday yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yig‘ilishda mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib va ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi.
Mahallalarga 2 ming kvadrat metrgacha bo‘sh davlat obyektlarini auksionga chiqarish vakolati berilgan. Endilikda mahalla raisi va hokim yordamchisi bo‘sh turgan 5 ming kvadratgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahallaning o‘zida qoladi va infratuzilmaga sarflanadi.
Shu bilan birga, mahalla binolarini zamonaviy servis obyektiga aylantirish uchun tadbirkorlarga qo‘shimcha yengilliklar beriladi.
Jumladang, shahar va viloyat markazida tadbirkorlar tomonidan qurilib, pastki qavatida “mahalla yettiligi” joylashadigan binolar 3 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Qishloq joylarda esa bu imtiyozlar 7 yil bo‘ladi. Bino egasi bo‘lgan tadbirkorlar ushbu muddat davomida foyda va aylanmadan soliqni 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
Yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, oilalar ajrimlari, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, “mahalla yettiligi”, nuroniylar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligi qayd etildi.
Oila qurish bu – nafaqat o‘zi, balki turmush o‘rtog‘i va farzandlari oldidagi katta mas’uliyat ekanini yoshlarga tushuntirish, ajrimlarda taraflar, ayniqsa, farzandlar og‘ir moddiy ahvolga tushishining oldini olish uchun nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini targ‘ib qilish lozimligi ta’kidlandi.
Ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan butun respublikada tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinishi belgilanib, har bir tuman va shahar hokimiga, obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga tegishli topshiriqlar berildi.
Endilikda “yettilik”, mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqsa, tuman hokimi 10 sotixgacha yer maydoni ajratib berishi belgilandi. Hokimlar va “yettilik” buning ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi, bu yerlar boshqa maqsadlarga beriladigan bo‘lsa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Mutasaddilarga “yettilik” faoliyatini kompleks baholaydigan tizimni ishga tushirish topshirildi.
Tuman hokimlari yil yakuniga ko‘ra yaxshi ishlagan 10 ta “yettilik”ning barchasini mukofotlash, ularga qo‘shimcha ustamalar berishni yo‘lga qo‘yadi. Bundan buyon “yettilik” xodimlari bilan har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazish taqiqlanishi belgilandi.
– Islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bir mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish, eng avvalo, “mahalla yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib ishlashiga bevosita bog‘liq, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda mutasaddilar va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, mahalla raislari bilan muloqot qilindi.