icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

10.10.2025

Hurmatli hamkasblar!

An’anaviy iliq qabul va bugungi sammitimizni ajoyib tarzda tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon sha’niga bildirilgan samimiy minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Tojikistonning MDHga samarali raisligini, bu davrda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘ptomonlama sheriklik yangi sur’at bilan rivojlana boshlaganini alohida qayd etishni istar edim.

Global siyosat va iqtisodiyotda murakkab, oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar kechayotgan sharoitda, xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotgan bir vaziyatda MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zaruriy tuzilma ekanini namoyish qilishda davom etayotganini ta’kidlamoqchiman.

O‘n yillar davomida yaratilgan mexanizmlar va yo‘lga qo‘yilgan muloqotlar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarga oid barcha jabhalar bo‘yicha yaqin hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz. Shu munosabat bilan O‘zbekiston ko‘ptomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha bildirilgan baho va takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy sheriklikni kengaytirish biz uchun, hech shubhasiz, ustuvor yo‘nalishdir. Jahon iqtisodiyotida vaziyat yomonlashib, proteksionizm kuchayib borayotgani, barqaror taraqqiyotga yangi tahdidlar paydo bo‘layotganini hisobga olganda, bu alohida muhim ahamiyatga egadir.

Ta’kidlash zarurki, o‘tgan yili O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan savdo aylanmasi hajmi 11 foizga o‘sdi. O‘zaro savdoda o‘sish hajmi joriy yilda ham ta’minlanmoqda.

Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi investitsiya oqimlarining ko‘payishi bilan bevosita bog‘liqdir. Jadal hamkorligimiz sur’atlarini saqlab qolish maqsadida mavjud resurslarni yanada to‘liq ishga solish hal qiluvchi masala, deb hisoblaymiz.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni quyidagi ustuvor masalalarga yo‘naltirishni taklif etamiz.

Birinchidan, savdo aylanmasini kuchaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish.

Bu o‘rinda so‘z alohida tovarlarni, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish haqida bormoqda.

Mamlakatlarimiz bozorlarini o‘zaro mos holda kengaytirish muhimdir. Shu munosabat bilan MDH Iqtisodiy kengashi doirasida tashqi kon’yunktura o‘zgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari yo‘nalishini o‘zgartirish bo‘yicha mexanizmlarni ishga tushirish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Ikkinchidan, transport sohasida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratishni istar edim.

Afsuski, MDH makonida transport tarmog‘ida amaldagi yo‘laklarning o‘tkazish samaradorligini pasaytiradigan muammoli holatlar hamon saqlanib qolmoqda.

Barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratishni zamonning o‘zi talab etmoqda, deb hisoblaymiz.

Bundan tashqari, yuk tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish muhimdir. Shu munosabat bilan transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha MDH mamlakatlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Uchinchidan, o‘zaro investitsiyalarning o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash.

Hamkorlik bo‘yicha to‘plangan ijobiy tajribani hisobga olib, mamlakatlarimizda maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga oid “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni taklif etaman.

Biznesni jalb etgan holda kooperatsiyani chuqurlashtirish va innovatsion startaplarni ilgari surish MDHning Venchur platformasini yaratishga xizmat qiladi.

Kelgusi yili Toshkent “INNOPROM” ko‘rgazmasi doirasida mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi kompaniyalarining keng ishtirokida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazishga tayyormiz.

Agar hamkasblarimiz ma’qullashsa, MDH Iqtisodiy kengashiga qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga ko‘rsatma berishni taklif etaman.

To‘rtinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda MDHdagi sheriklarimiz bilan an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik loyihalarni amalga oshiryapmiz.

Biz, MDH mamlakatlarida energetika sektorini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish tarafdorimiz.

Beshinchidan, raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik alohida e’tiborga molikdir.

Joriy yilning avgust oyida Samarqandda tashkil etilgan “MDHda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum kooperatsiya borasida o‘zaro qiziqish va imkoniyatlar o‘sib borayotganini ko‘rsatdi.

MDH bo‘yicha sheriklarimizning bu sohadagi faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz va Amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘ptomonlama reja ishlab chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Biz ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohasida qo‘shma dasturlarni kengaytirishdan manfaatdormiz.

Mamlakatlarimizda ta’lim sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka va akademik dasturlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uyg‘unlashtirish mexanizmini joriy etish lozim, deb hisoblaymiz.

Kun tartibiga innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada qabul qilishga tayyormiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugun mamlakatlarimizning xavfsizligi va barqarorligiga nisbatan umumiy xavf-xatar va tahdidlar haqida ko‘p aytildi.

Tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar yo‘nalishlari bo‘yicha tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z hamkorlikni muvofiqlashtirish, axborot almashish va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish haqida bormoqda.

Hamdo‘stlikning janubiy chegaralari haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatni unutmasligimiz kerak. Ushbu mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy inqiroz chuqurlashib borayotganini hisobga olsak, uning hududidan bo‘ladigan xavf-xatar va tahdidlar saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman.

Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Hurmatli hamkasblar!

Biz hurmatli Sergey Nikolayevich Lebedevni Hamdo‘stlik Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

So‘zimning yakunida Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga MDHda raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tilayman.

Ishonchim komil, ushbu uchrashuv va qabul qilinayotgan qarorlar o‘zaro manfaatli ko‘ptomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga imkon yaratadi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning ravnaqi va farovonligi yo‘lidagi umumiy maqsadlar va vazifalarimizga erishishga xizmat qiladi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo