02.08.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, №PF-5128, 2 avgust 2017 yil
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab temir yo‘l sohasini rivojlantirishga bo‘lgan katta e’tibor natijasida mazkur tarmoqda yuksak marralarga erishilmoqda. Bugungi kunga kelib temir yo‘l transporti tizimi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi.
Temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish, murakkab tog‘ va cho‘l sharoitlarida yangi temir yo‘llarni barpo etish, tezyurar poyezdlar harakatini tashkil qilish, temir yo‘llarni elektrlashtirish, yuk va yo‘lovchi tashish vagonlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat transport infratuzilmasini rivojlantirish, balki butun mamlakatni taraqqiy ettirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Navoiy –Uchquduq – Nukus – Sultonuvaystog‘”, Amudaryo uzra qurilgan ko‘prik, “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” va “Angren – Pop” temir yo‘llarining qurilishi O‘zbekistonda mustaqil, yagona temir yo‘llar tarmog‘ini shakllantirish imkonini yaratdi.
Mustaqillik yillarida yurtimizda temir yo‘l sohasi murakkab tiklanish va rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Natijada mamlakatimizning barcha mintaqalarini bir-biri bilan ishonchli va samarali bog‘laydigan hamda xalqaro transport yo‘laklariga chiqish imkonini beradigan temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarining mustaqil, yagona va yaxlit tizimi barpo etildi.
“Angren – Pop” temir yo‘li va tunnelining qurilgani va foydalanishga topshirilgani Farg‘ona vodiysi viloyatlarini respublikamizning qolgan hududlari bilan mustahkam bog‘ladi, ushbu temir yo‘l Xitoy – Markaziy Osiyo –Evropa yangi temir yo‘l tranzit yo‘lagining ajralmas va muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida temir yo‘l transporti kommunikatsiyalarini va infratuzilmasini yanada rivojlantirishga 7,5 milliard dollarlik kapital qo‘yilmalar, shu jumladan, 2,4 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi temir yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradigan innovatsiya loyihalarini tarmoqqa joriy etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, soha uchun zamonaviy bilimli kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, buning uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish va boshqa ijtimoiy masalalarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilarni tashish hajmini oshirish, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida oxirgi yillarda erishilgan yutuqlarni hisobga olib hamda soha mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, shuningdek, sohada mehnat qilayotgan keng jamoatchilikning takliflarini inobatga olib:
1. 2017-yildan boshlab avgust oyining birinchi yakshanba kuni “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni” deb e’lon qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, mutasaddi vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini sohaga mos tarzda, tantanali ravishda o‘tkazishni ta’minlasinlar.
3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash bo‘yicha tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 2-avgust