icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston va Xitoy yetakchilari barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

02.09.2025

2-sentabr kuni Xitoyga rasmiy tashrif doirasida Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisi va do‘st Xitoy xalqini G‘alabaning 80 yilligi hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin shahridagi sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston Prezidenti XXR Raisi Si Szinpinning global boshqaruv bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Davlat rahbarlari o‘tgan yillar davomida ikki tomonlama munosabatlar rivojida katta yutuqlarga erishilganini ta’kidladilar. Barcha darajalardagi aloqalar sur’ati oshib borayotgani, siyosiy muloqot mustahkamlanib, muhim masalalar yuzasidan tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

"Yagona Xitoy" siyosatini qo‘llab-quvvatlash hamda "uch yovuz kuch" - terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalarida O‘zbekistonning pozitsiyasi o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.

Savdo-iqtisodiy, texnologik va moliyaviy-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 14 milliard dollardan oshdi, yil boshidan esa yana 23 foizga o‘sdi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliardga yetkazish vazifasi turibdi.

Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda. 2024-yilda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushirilgan. Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar faoliyat yuritmoqda, "BYD" elektromobillarini ishlab chiqarish kengaytirilmoqda va mahalliylashtirish darajasi oshirilmoqda.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. "Yashil" energetika va energiya samaradorligini oshirish, jamoat transportini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, pullik avtomobil yo‘llarini barpo etish, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, shuningdek, kimyo, suv va qishloq xo‘jaligi, turizm va shaharsozlik sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Eksimbank, Xitoy davlat taraqqiyot banki, "Ipak yo‘li" jamg‘armasi va boshqa institutlar bilan keng ko‘lamli sheriklik kengaymoqda. Eksimbank ko‘magida yaqinda Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi.

Hududlararo almashinuvlar faollashgani yuqori baholandi. Xitoy tajribasi asosida mamlakatimizda kambag‘allikka barham berishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlik ko‘magi davom ettiriladi.

Innovatsion loyihalarni ilgari surish va mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston-Xitoy sun’iy intellektni rivojlantirish markazini tashkil etish taklif qilindi.

"Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" strategik temir yo‘li qurilishining amaliy bosqichi boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va turizm sohalaridagi sheriklikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mamlakatimizda Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon universitetining filiali hamda Xalqaro matematika markazi ochildi. Sian neft universiteti filialini ochish to‘g‘risida Bitim imzolandi. Pekin texnologiya instituti filialini ochish rejalashtirilgan.

Joriy yilda O‘zbekistonda ikkinchi Ta’lim forumi o‘tkaziladi. Xitoy tilini o‘rganishni kengaytirish va o‘zbekistonlik yoshlarini o‘qitish uchun kvotalarni ko‘paytirish, Konfutsiy institutlari faoliyatini rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi.

Mamlakatimiz hududlarida energetika, mashinasozlik, sun’iy intellekt, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi sohalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Xitoy "Lu Ban ustaxonalari"ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Sayyohlar almashinuvi o‘sishi uchun sharoit yaratish maqsadida aviaqatnovlar soni oshirilmoqda, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz tartib joriy etildi.

Shu kunlarda Xitoy Milliy muzeyidagi katta ko‘rgazmada O‘zbekiston ham qatnashmoqda. 2027-yilda Shanxay va Pekinda san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida o‘zaro madaniyat markazlarini ochish to‘g‘risida tarixiy bitim qabul qilinadi.

Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHHT, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston yetakchisi Xitoy rahbarini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi. Uchrashuv har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stlik ruhida o‘tdi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo