icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisdagi nutqi

01.09.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi, hurmatli Si Szinpin Janobi Oliylariga an’anaviy samimiy qabul va mamlakatning “shimoliy darvozasi”, deb ataladigan go‘zal va jo‘shqin Tyanszin shahrida sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun yana bir bor chin dildan minnatdorlik izhor etaman.

Kuzatuvchi davlatlar, sheriklar va sammit mehmonlari delegatsiyalarini, shuningdek, yetakchi xalqaro institutlar rahbarlarini qutlashdan mamnunman.

Tom ma’noda ochiqlik va ko‘p tomonlama hamkorlik ruhiga javob beradigan “SHHT plyus” formati ishonchli muloqot uchun zamonning o‘zi talab qilayotgan maydonga aylanib bormoqda.

Oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyat hukm surayotgan sharoitda SHHT jahonda barqaror va adolatli tartibotni ta’minlashning mustahkam tayanchlaridan biri, deb hisoblamiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Ushbu sammitimiz yigirmanchi asrning mudhish fojiasi bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi bayram qilinayotgan yilda o‘tayotgani chuqur ramziy ma’noga ega.

Bu nafaqat muhim tarixiy voqea, balki o‘ziga xos ogohlantirish hamdir. Tinchlik bir marta va doimiy erishiladigan ne’mat emas, uni doimo asrab-avaylash va mustahkamlash zarur.

Nizo va mojarolar to‘lqinini to‘xtatish, ishonchni qayta tiklash, tinch-totuv hayotga intilish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va me’yorlarini hurmat qilish muhimdir.

Shu munosabat bilan hurmatli Rais Si Szinpin ilgari surgan Global boshqaruv bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Xalqaro muammolar haqida gapirganda, G‘azo sektoridagi vaziyatga e’tibor qaratmasdan o‘tolmayman. Ushbu mintaqada vaziyat yana keskinlashayotgani va aholining ahvoli yomonlashayotgani chuqur tashvish uyg‘otmoqda.

Faqat “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili asosida Falastin – Isroil masalasiga adolatli yechim topish orqali Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatish mumkin, deb hisoblaymiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Ko‘p tomonlama hamkorlik borasida, bizning nazarimizdagi, eng muhim vazifalarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi. Bugungi kunda jahon xavfsizlikni ta’minlashning bizga tanish omillari doirasidan chiqib ketgan tahdid va xatarlarning murakkab majmuasi qarshisida turibdi.

Iqlimning keskin o‘zgarishi, energetika va oziq-ovqat resurslari taqchilligi, migratsiya inqirozlari, kiberhujumlar va boshqa ko‘plab yangi xavf-xatarlar paydo bo‘lmoqda.

Faqat xavfsizlikning bo‘linmasligi tamoyiliga asoslangan kollektiv sa’y-harakatlargina xalqlarimiz barqarorligi va farovonligini ta’minlash imkoniyatini berishini ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Shu ma’noda, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bazasida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz, shuningdek, Dushanbeda Narkotiklarga qarshi kurashish markazi tashkil etilganini olqishlaymiz.

Kelgusi yili Toshkentda mamlakatlarimizning vakolatli organlari rahbarlari, yetakchi ekspert va tadqiqotchilar ishtirokida birinchi “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus muloqoti”ni o‘tkazishni taklif qilaman.

Ikkinchi. Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olmasdan va xalqaro hamjamiyatning afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqotini yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqamizda barqarorlikni ta’minlash mumkin emas.

Ushbu maqsadga erishish ko‘p jihatdan Afg‘onistonda, umuman, butun mintaqada uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor bo‘lgan SHHT davlatlarining siyosiy irodasiga bog‘liq.

Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash va u bilan mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish maqsadida SHHTdagi sheriklarimiz bilan keng ko‘lamli hamkorlikka tayyormiz.

Uchinchi. Mavjud to‘siqlarni olib tashlash va standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo maydonchalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi va innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirish muhim.

Biznes sohasidagi muloqotlar uchun samarali maydonni ishga tushirish maqsadida, barcha manfaatdor sheriklarimizni jalb etgan holda, har yili “SHHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazishni taklif etaman. Birinchi forumni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz.

To‘rtinchi. Mintaqamizni global yo‘laklar bilan ishonchli bog‘lashni ta’minlaydigan samarali transport yo‘nalishlarini yaratish biz uchun hayotiy muhim masaladir.

Shu borada amalga oshirilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasi alohida ahamiyatga ega.

Kelgusida ushbu yo‘nalishning Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lanishi SHHT makonida yagona transport tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi.

Beshinchi. SHHT mamlakatlari sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi ilg‘or yo‘nalishlarda katta sakrashni ta’minlashga qodir bo‘lgan ulkan ilmiy-texnik salohiyatga ega.

Yangi g‘oyalarni generatsiya qilish, ilg‘or tashabbuslarni ishlab chiqish va texnologiyalar transferi uchun SHHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini yaratishni amaliy qadam sifatida taklif etamiz.

Oltinchi. Madaniy-gumanitar sohada hamkorlikni kengaytirish umumiy manfaatlarimizga javob beradi va do‘st xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

“SHHT oilasi” madaniy rang-barangligi va boy qadriyatlarini ilgari surishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadigan Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini ta’sis etishni taklif qilaman.

Shu yilning kuzida YUNЕSKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tadigan asosiy tadbirlari mamlakatlarimizning noyob tarixiy merosini namoyish etish uchun muhim maydon bo‘lishi mumkin.

Barcha sheriklarimizni katta mamnuniyat bilan ushbu muhim madaniy voqealarda faol ishtirok etishga taklif etaman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ishonchim komil, «SHHT plyus» formatidagi ushbu sammitning sermahsul natijalari barqarorlikni yanada mustahkamlash, ko‘pqirrali sheriklikni kengaytirish, barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

E’tiboringiz uchun rahmat.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo