
20.08.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni2025-yildagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti hamda uni tashkil qilish doirasida o‘tkazilgan 20 ta uchrashuvda kelib tushgan 15 mingta murojaatda ko‘tarilgan tizimli muammolarning yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida qaror qilaman:
I. Moliyaviy resurslar
1. 2026–2027-yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion so‘m yo‘naltirilsin, xususan:
(a) erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining infratuzilmasini rivojlantirish uchun Davlat budjetidan 4 trillion so‘m;
(b) drayver loyihalar doirasida – 5 trillion so‘m;
(v) tanlab olingan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish dasturlari uchun – 6 trillion so‘m;
(g) tijorat banklari tomonidan kichik va o‘rta biznes uchun – 250 trillion so‘m, shu jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 30 trillion so‘m;
(d) “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kamida 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun – 4 trillion so‘mlik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari.
2. 2026-yil 1-maydan boshlab tadbirkorlik subyektlariga kredit ajratish jarayonida ularning to‘lov qobiliyatini baholash uchun xarajatlar (soliq, kommunal to‘lovlar, tranzaksion operatsiyalar va boshqa ijobiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlarni), tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi davlat organlari va xususiy sektor vakillarida shakllangan ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar orqali muqobil skoring qilish tizimi joriy qilinsin.
II. Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda qulayliklar yaratish va turizmni rivojlantirish
3. Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qo‘llash va undirishga 2027-yil 1-yanvarga qadar moratoriy e’lon qilinsin. Bunda moratoriy davrida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik holatlari bartaraf etilganda qo‘llanilgan jarimalar bekor qilinadi.
4. 2026-yildan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi Turizmni rivojlantirish dasturi joriy etilsin:
(a) 2026–2028-yillarda joylashtirish vositalarini tashkil qilish uchun kamida 5 ming gektar yer uchastkalarini elektron onlayn auksionga chiqarish. Bunda:
(i) yer uchastkalarining auksion savdolarida shakllangan narxidan kelib chiqib, quriladigan mehmonxona ustav kapitalining 50 foizidan oshmagan qismigacha davlat ulushi bilan sherik bo‘lib kirish mexanizmi joriy qilinadi;
(ii) davlat ulushini 10 yil davomida bozor qiymatida mulk ishtirokchisi yoki boshqa salohiyatli investorlarga realizatsiya qilish imkoniyati yaratiladi;
(b) 2026–2028-yillarda tijorat banklari tomonidan barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda kreditlar ajratiladi:
(i) viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, turizmga ixtisoslashgan tuman (shahar)larda qurilayotgan mehmonxonalar uchun – 30 milliard so‘mgacha;
(ii) boshqa hududlarda – 10 milliard so‘mgacha;
(v) har yili sayyohlarning eng ko‘p e’tiborini qozongan va nufuzli xalqaro platformalarda ijobiy e’tirof etilgan joylashtirish vositalarini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollariga teng tanlov o‘tkazish.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, mazkur Farmonning 4-bandi “b” kichik bandiga muvofiq “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan:
(a) 30 milliard so‘mgacha kreditlarning:
(i) 50 foiziga, biroq 10 milliard so‘mdan oshmagan miqdorigacha kafillik taqdim etiladi;
(ii) Markaziy bank asosiy stavkasining 2 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori, biroq 8 foiz punktigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
(b) 10 milliard so‘mgacha kreditlarning:
(i) 50 foiziga kafillik taqdim etiladi;
(ii) Markaziy bank asosiy stavkasining 2 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori, biroq 10 foiz punktigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
(v) kompensatsiya to‘lovlari “2+3” tamoyili asosida avval kreditning dastlabki ikki yiliga taqdim etiladi, keyingi uch yil davomida mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishdan tushgan yillik tushum 15 foiz va undan ortiq miqdordan oshgan taqdirda amalga oshiriladi;
(g) tadbirlarni amalga oshirish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yildan boshlab Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasiga yo‘naltirish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutib boradi.
6. 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) respublika tuman va shaharlarida (viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga kiritilgan turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lar va turistik zonalar bundan mustasno) joylashgan joylashtirish vositalari uchun turistik (mehmonxona) yig‘imni hisoblash va to‘lash tartibi bekor qilinsin;
(b) oilaviy mehmon uyi sifatida tan olish uchun bir vaqtning o‘zida vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish mumkin bo‘lgan tashrif buyuruvchilar (turistlar) soni bo‘yicha belgilangan chegara miqdori 2 baravar oshirilsin.
7. 2026-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarining yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismini Davlat budjetidan qoplab berish tizimi mehmonxonani qo‘shimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini mehmonxona faoliyatiga o‘zgartirishga ham tatbiq etilsin.
8. Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini kiritsin:
(a) sanitariya, fitosanitariya va veterinariya (SPS) sohasida yagona davlat boshqaruvini tashkil etish, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida samarali nazorat tizimini joriy etish, ruxsat berish hujjatlarini “xavfni tahlil qilish” tizimi asosida “bir darcha” tamoyili orqali rasmiylashtirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish;
(b) texnik tartibga solish sohasini tubdan isloh qilish, xalqaro standartlarga mos texnik reglamentlar va deklaratsiya tizimini keng joriy etish, nufuzli xalqaro laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun sharoitlar yaratish.
9. Belgilansinki, 2026-yildan boshlab:
(a) davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori hududda shakllangan ijara to‘lovining minimal bozor narxidan kelib chiqib belgilanadi;
(b) davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish muddati 3 yildan 5 yilgacha oshiriladi.
III. Soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish choralari
10. 2026-yil 1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llansin:
(a) bir yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish;
(b) bir yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik;
(v) 6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlash.
11. 2026-yil 1-yanvardan boshlab soliq majburiyatlarini bajarishning quyidagi proaktiv tartibi joriy etilsin:
(a) yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vazifasi soliq organlariga o‘tkaziladi va ushbu majburiyat soliq to‘lovchilar uchun bekor qilinadi;
(b) soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan 5 ish kuni ichida zarur tuzatishlarni kiritish va tuzatish kiritilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqi beriladi.
12. Belgilansinki:
(a) foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshiriladi;
(b) tadbirkorlik subyektlari o‘z mablag‘lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, beg‘araz topshirganda, ushbu obyektlar uchun qilingan xarajatlar foyda solig‘i bazasidan kamaytiriladi;
(v) 2025-yil 1-noyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun belgilangan jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari naqd pulga xarid qilinganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi;
(g) tadbirkorlik subyektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi;
(d) 2025-yil 1-avgust holatiga “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan va soliq xavfi 16 trillion so‘m bo‘lgan 20 mingdan ortiq subyektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati berilgan holda, ushbu ro‘yxat 2025-yil 1-noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi;
(j) 2026-yil 1-yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda:
(i) mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi;
(ii) mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
13. Soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarima miqdorini kichik tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 3 baravariga tushirish, fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 1 baravariga tushirish;
(b) hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan holatda, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llash;
(v) oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik subyektlariga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarimani 5 kungacha qo‘llamaslik.
14. Soliq qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyuldan boshlab soliqlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, ortiqcha to‘lov va qarzdorlik summalarini yagona g‘aznachilik hisobvarag‘i orqali o‘zaro hisobga olish tizimini joriy qilsin.
15. Oliy sud Biznes-ombudsman bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar tadbirkorlik subyektlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilish imkoniyatini yaratish bo‘yicha qonun loyihasini kiritsin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida quyidagilar:
(a) ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda – Ro‘yxat) 1-ilovaga muvofiq;
(b) amaliy tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
17. Mazkur Farmonga 1- va 2-ilovalarga muvofiq:
(a) qonunchilik hujjatlari loyihalari sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va o‘rnatilgan tartibda kiritilishi, shuningdek, tadbirlar so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirlik va idoralar rahbarlariga yuklansin;
(b) topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki ijrosini ta’minlamagan vazirlik va idoralar rahbar va mas’ul xodimlariga topshiriq ijrosi muddati tugagan kundan boshlab ijrosi ta’minlangunga qadar bo‘lgan muddatda barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatilishi belgilansin.
18. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Adliya vazirligi har haftada Ro‘yxat va amaliy tadbirlar rejasidagi vazifalar ijrosi holati haqida tezkor ma’lumotni, har oyda – batafsil axborotni Hisob palatasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarga ijro qilinmagan topshiriqlar bo‘yicha ma’lumotlar kiritib boradi;
(b) Ro‘yxat va amaliy tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish holati har oyda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladi, yuzaga kelayotgan muammolar yechimi bo‘yicha hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarga choralar ko‘rib boriladi;
(v) Hisob palatasi va Vazirlar Mahkamasi Ro‘yxat va amaliy tadbirlar rejasidagi vazifalar ijrosi holati haqida har haftada tezkor ma’lumotni, har oyda – batafsil axborotni hamda topshiriqlar ijrosida yuzaga kelayotgan masalalar yechimi bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.
19. Davlat organlari tegishli qonunosti hujjatlari va idoraviy ko‘rsatmalar qabul qilinishini kutmasdan mazkur Farmon normalari kuchga kirgan paytdan e’tiboran so‘zsiz va to‘g‘ridan to‘g‘ri amalda qo‘llanilishini ta’minlasin.
20. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev belgilansin.
22. Farmon ijrosini har oyda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev