
08.08.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Rossiya Prezidenti 6-avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lum qildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.
O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.