
18.07.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–81-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, kadrlar tayyorlashni tarmoq, hududiy va maqsadli investitsiya loyihalariga yo‘naltirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Ushbu farmoyish tarmoq va sohalarda ehtiyoj yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari kesimida 4 yillik davr uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini joylashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.
II. Davlat buyurtmasi
2. 2025/2026-o‘quv yili va kelgusi uch o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari:
(a) bakalavriat bosqichiga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 1-ilovaga muvofiq;
(b) magistratura bosqichiga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojidan kelib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifiga muvofiq mazkur farmoyishga 1–2-ilovalar bilan tasdiqlangan davlat buyurtmasiga davlat granti asosidagi umumiy qabul kvotalari doirasida o‘zgartirish kiritish vakolati berilsin.
III. Oliy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonlarini tashkil etish
4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi quyidagilarni Davlat komissiyasiga taqdim etsin:
(a) respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ajratilgan 1 320 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni. Bunda davlat oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturlari uchun ham kvota ajratilishi nazarda tutilsin;
(b) davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagini bildirgan, xorijda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlar uchun 30 ta davlat grantining ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi taqsimoti bo‘yicha takliflarni;
(v) davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etish istagini bildirgan hamda talabalar qabulini davlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun belgilangan tartib va shartlarda amalga oshiruvchi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini;
(g) davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi oliy ta’lim tashkilotlarining takliflariga asosan 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlari bo‘yicha takliflarni;
(d) Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda xotin-qizlar uchun ajratilgan 4 000 ta davlat grantining taqsimoti yuzasidan takliflarni.
5. Davlat komissiyasi bir hafta muddatda yangi o‘quv yili uchun:
(a) bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul bo‘yicha:
(i) davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etuvchi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va ta’lim tillari kesimidagi umumiy qabul parametrlarini;
(ii) imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini;
(iii) tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballarini hisobga olgan holda davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish balini;
(iv) hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari buyurtmalariga muvofiq davlat granti asosidagi umumiy qabul parametrlari doirasida maqsadli qabul parametrlarining tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
(v) har bir bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat grantining ulushini;
(b) ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining (tillar, maxsus pedagogika, sport, san’at va boshqa) o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, ularning soha ixtisoslashuviga ko‘ra taqsimlangan qabul parametrlarini;
(v) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda davlat oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlasin.
6. Belgilansinki, 2025/2026-o‘quv yilida davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirishda to‘plagan baliga nisbatan ma’lum miqdordagi qo‘shimcha ball beriladigan shakldagi imtiyozga ega abituriyentlar tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan o‘tish bali
va undan yuqori ball to‘plagan taqdirda, to‘plagan baliga mos ravishda qo‘shimcha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.
7. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) oliy ta’lim tashkilotlariga qabul natijalari bo‘yicha ta’lim sifatini oshirish, xususan, ta’lim dasturlarini takomillashtirib borish, ta’lim jarayoniga malakali professor-o‘qituvchilarni jalb qilish va oliygohlarda ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish choralarini ko‘rsin;
(b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirishda mavjud imtiyozlarning maqsadli va samarali qo‘llanilishini o‘rganib, ularni maqbullashtirish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
IV. Farmoyish ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
8. Mazkur farmoyishning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
9. Ushbu farmoyish ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev