
07.07.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-iyul kuni Jizzax viloyatida islohotlar natijadorligi, hududlardagi ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar hal etilishi yuzasidan hisobot bilan tanishdi.
O‘tgan yil 31-dekabrda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinib, zarur masalalar hal etib berilgan edi. Xususan, unda 2025-yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 285 million dollarga yetkazish, 168 ming odamni ishli qilish chora-tadbirlari belgilangandi.
Bu vazifalar birin-ketin bajarilmoqda. O‘tgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga 662 million dollar investitsiya kirib keldi.
Lekin Do‘stlik, Zafarobod, Paxtakor, Mirzacho‘l tumanlari bu borada ancha orqada qolayapti. Shu bois yangi loyihalarni avvalo shu tumanlarga joylashtirib, odamlarni ishli qilish zarur.
So‘nggi vaqtlarda viloyatda 250 million dollarlik yirik turizm majmualari ishga tushgani natijasida bir yilda sayyohlar oqimi 2 karra oshdi. Buni yanada oshirish uchun hamma sharoit bor.
Yana bir katta imkoniyat – yer. Jizzaxda 1 million 300 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘lgani bilan atigi 40 foizida ekin ekilayapti. Bir gektarga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromad ham boshqa viloyatlarga nisbatan kam. Aslida, yerdan samarali foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlari va chorva ozuqasini ko‘paytirish mumkin.
Davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Jizzax viloyatida ham mutasaddilar, soha mutaxassislari va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi” tuzildi.
Yig‘ilishda mazkur shtab tomonidan tayyorlangan yangi loyihalar taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 520 million dollarlik 200 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 12 mingta ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 120 milliard so‘m tushum, 100 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy asosi va bozor talabi bilan qiziqdi. Hokimlar va “Islohotlar shtabi” birgalikda ishlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmat sohalarida “katta sakrash” qilishi kerakligi ta’kidlandi. Shunda Jizzax viloyati investitsiya, ish o‘rni, aholi daromadi va eksport eng tez o‘sayotgan hududlardan biriga aylanadi.