28.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, №PQ-3150, 27 iyul 2017 yil
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5120-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 164 nafar bo‘lgan tuzilmasi 1 -ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi to‘grisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) direktoriga:
zarurat bo‘lganda, boshqaruv xodimlarining belgilangan shtatlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida Agentlik tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
Agentlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda davlat organlari va boshqa tashkilotlar deb yuritiladi), nodavlat notijorat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalarining yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni maslahatchilar sifatida jalb etish huquqi berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlik yuridik shaxs huquqiga ega davlat muassasasi hisoblanadi va o‘z faoliyatida Uzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir;
Agentlikni saqlab turish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Agentlik direktori ikki oy muddatda:
Agentlikning zarur nazariy bilim va amaliy tajribaga ega bo‘lgan, Agentlikka yuklatilgan vazifalarni professional darajada amalga oshirishni ta’minlaydigan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini;
Agentlikning tarkibiy tuzilmalari to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlanishini ta’minlasin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlikning faoliyat sohasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar, davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mutasaddilik qiladigan xo‘jalik sub’ektlariga nisbatan tatbiq etiladi;
islohotlarni amalga oshirish natijalarini tizimli o‘rganish asosida Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimidan foydalangan holda davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari bilan o‘zaro bog‘liqlikda O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturlari shakllantirilishi va amalga oshirilishining nazorati hamda monitoringini amalga oshiradi;
Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta’lim muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalari hamda mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
Agentlik loyiha ishlari va davlat xaridlarini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya muhitini yaxshilash masalalari bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, biznes- hamjamiyatning ekspert ishchi guruhlari ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Agentlikning faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar bo‘yicha normativ- huquqiy hujjatlar loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart.
6. Agentlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda:
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini tashkil qilish va joriy etish konsepsiyasini;
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi doirasida loyiha va texnik hujjatlar, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, apparat-dasturiy komplekslar o‘rnatish va joriy etishni amalga oshiruvchi Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integratorni tashkil etish haqidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini tashkil qilish va joriy etish bo‘yicha loyiha hamda texnik hujjatlarni;
ikki oy muddatda davlat axborot tizimlarini tashkil qilish, ishlab chiqish va joriy etish qiymatini baholash tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin;
respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining tizimli tahlili va prognozini amalga oshirish imkonini beruvchi, davlat va boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda ishga tushirilishini ta’minlasin.
7. Quyidagilar:
chet el investorlarining mablag‘lari bilan birga markazlashgan kapital qo‘yilmalar, shuningdek, xalqaro va xorijiy moliya institutlarining kreditlari, zayomlari, grantlari – O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini tashkil qilish, joriy etish va texnik qo‘llab-quvvatlashni;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘z mablag‘lari – davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot tizimlarini O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimiga integratsiya qilish va moslashtirishni moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
2018 yil 1 yanvardan boshlab Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar, zayom va grantlar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari bilan o‘zaro bog‘liqlikda O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturlari bo‘yicha xulosalar beradi;
2019 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturlari, davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalari shakllantirilishi va amalga oshirilishini nazorat hamda monitoring qilish Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
9. Agentlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Hisob palatasi, “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda:
uch oy muddatda loyiha oldi hujjatlarni ishlab chiqishdan boshlab loyihalar amalga oshirilishini yakunlashgacha bo‘lgan loyiha boshqaruvi jarayonining barcha bosqichlarini tartibga solishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;
ikki oy muddatda Uzbekiston Respublikasi investitsiya dasturlari, davlat va hududiy dasturlar, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlashning amaldagi tizimini tanqidiy o‘rganish yakuni bo‘yicha ularni shakllantirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini tashkil qilish, joriy etish va samarali ekspluatatsiya qilish yuzasidan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha Agentlik direktori hamda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlik faoliyatini, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini ekspluatatsiya qilishni moliyalashtirishga mablag‘larni asoslantirilgan hisob-kitoblar bo‘yicha 2017 yil 1 avgustdan boshlab ajratsin hamda har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlarida nazarda tutsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligi ikki hafta muddatda Agentlikni unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan bino bilan ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Milliy axborot agentligi Uzbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil kilsin.
15. Agentlik va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgaliqda 2017 yil 1 sentyabrga qadar muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev