
27.06.2025

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalo, an’anaviy samimiy qabul va bugungi uchrashuvimizni yuqori darajada tashkil etgani uchun Belarus Respublikasi Prezidenti hurmatli Aleksandr Grigorevich Lukashenkoga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida Belarus tomonining samarali raisligini, bu davrda ko‘ptomonlama amaliy hamkorlik sezilarli tarzda faollashganini ta’kidlamoqchiman.
Bugun hamkasblarimning nutqlarida jahon iqtisodiyotida vujudga kelayotgan murakkab vaziyatga baho berildi. Proteksionizm va sanksiyalar siyosatining kuchayishi, savdo-logistika zanjirlarining buzilishi va xorijiy sheriklarning investitsiyaviy faolligi qisqarib borishi oqibatlarining salbiy ta’sirini biz O‘zbekistonda to‘liq his etmoqdamiz.
Bizning tabiiy va an’anaviy sheriklarimiz bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish tashqi iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Fursatdan foydalanib, joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi va to‘rtinchi Toshkent investitsiya forumini qo‘llab-quvvatlagani va ularning ishida delegatsiyalaringiz faol ishtirok etgani uchun barcha hamkasblarimga minnatdorlik izhor etaman.
Ushbu tadbirlar yakunida muhim kelishuvlarga erishildi, kooperatsiya bo‘yicha yangi yo‘nalishlar va istiqbolli loyihalar belgilandi. Biz mamlakatlarimizning yanada ko‘proq yetakchi kompaniyalari va moliyaviy guruhlarini jalb etgan holda, ushbu hamkorlik maydonchalarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Sizlarga O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan ko‘ptomonlama hamkorligi qanday rivojlanayotgani haqida qisqacha ma’lumot bermoqchiman.
Kuzatuvchi davlat maqomidagi to‘rt yillik hamkorlik davrida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 80 foizga o‘sdi va o‘tgan yil yakuni bo‘yicha 18 milliard dollarni tashkil etdi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, savdo operatsiyalari nomenklaturasi, avvalambor, sanoat mahsulotlarini yetkazib berish hisobidan kengaymoqda. Qo‘shma korxonalar va loyihalar soni uch barobar o‘sdi.
Joriy yilning mart oyida Qo‘shma ishchi guruhining to‘rtinchi majlisi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, uning yakunida texnik to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va ishbilarmonlik tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Biz 40 ta aniq chora-tadbirni qamrab olgan, uch yilga mo‘ljallangan yangi rejani amalga oshirishga kirishdik.
O‘zbekiston, shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining muhim tashabbuslarida, jumladan, “Yevroosiyo agro ekspress”, elektron savdoni rivojlantirish, yuklarni tashishni raqamlashtirish va iqlim masalalari kabi loyiha va dasturlarda faol ishtirok etmoqda.
Aprel oyida barcha tartib-taomillarni yakuniga yetkazdik va Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi bitimga qo‘shildik. Bank bilan hamkorlikda infratuzilmani modernizatsiya qilish, metallurgiya, to‘qimachilik, kimyo sohalari va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalar portfeli ishlab chiqilmoqda.
Hurmatli hamkasblar!
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tmoqchiman.
Biz o‘zaro savdo aylanmasini kengaytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishga muhim ahamiyat qaratamiz.
O‘zbekiston mamlakatlarimiz o‘rtasidagi erkin savdo hududi faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq barcha kelishuvlarni to‘liq hajmda bajarmoqda.
Savdo operatsiyalari tartib-taomillarini soddalashtirish va texnik tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirishga qaratilgan qator takliflarimiz ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqilishini tezlashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Biz, shuningdek, savdoni qo‘llab-quvvatlashda texnik tartibga solishning raqamli tizimlari va Ittifoqning raqamli transport yo‘laklari ekotizimi, Yevroosiyo qayta sug‘urtalash kompaniyasi kabi vosita va mexanizmlarga qo‘shilishdan manfaatdormiz. Bu bizning biznesimiz uchun sharoitni sezilarli darajada yengillashtiradi, mamlakatlarimizning tovar bozorlariga o‘zaro kirishida qulay imkoniyatlarni ta’minlaydi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt jadal rivojlanib borayotganini hisobga olib, raqamlashtirish sohasida ko‘ptomonlama hamkorlik qilish istiqbolga ega, deb hisoblaymiz.
Elektron savdo, mahsulotlarning raqamli markirovkasi, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, aniq tarmoqlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yo‘nalishlarni qamrab olgan alohida dastur qabul qilishni taklif etamiz.
Shuningdek, O‘zbekiston o‘tkazish punktlarining yagona integrallashgan axborot tizimida ishtirok etish imkoniga ega ekanini ham ta’kidlamoqchiman. Bu, eng avvalo, chegaralardan o‘tishni tezlashtirish, monitoring samaradorligi va barcha jarayonlar shaffofligini ta’minlash imkonini beradi.
Texnik jihatdan biz bunday loyihalarda faol ishtirok etishga tayyormiz.
Kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishga tushirilgan dasturlar, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Ishbilarmonlik kengashi bilan qo‘shma chora-tadbirlar doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif etamiz.
Sanoat sohasidagi loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hamda sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar transferi bo‘yicha Yevroosiyo tarmog‘i platformasi imkoniyalaridan foydalanishdan manfaatdormiz.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning hamkorligi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimdir. Bu o‘rinda so‘z, avvalo, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrokooperatsiya dasturini qabul qilish haqidagi tashabbusimizni amalga oshirish haqida bormoqda. Ushbu dastur ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari harakatlanishi tartiblarini soddalashtirish, “yashil” yo‘laklarning samarali faoliyati va ularni kengaytirishni nazarda tutadi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlarimiz bilan birgalikda mehnat resurslari tartib-taomillarini soddalashtirish va safarbar etilishini oshirish bo‘yicha faol ish olib boryapmiz. Shu munosabat bilan mehnat bozorida talab katta bo‘lgan sohalarda professional standartlar va malaka talablarini yaqinlashtirish masalalari bo‘yicha ekspertlar maslahatlashuvlarini o‘tkazishni taklif etamiz.
Agar hamkasblarimiz qo‘llab-quvvatlashsa, biz Tashkilot doirasida joriy etilgan “Chegara bilmaydigan ish” integratsiyalashgan platformasiga ham qo‘shilamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
So‘zimning yakunida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida biz amaliy hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanimizni yana bir bor tasdiqlayman.
Aminmanki, O‘zbekistonning yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ko‘ptomonlama dastur va loyihalarda ishtirok etishi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi va bugungi sharoitda mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga imkon beradi.