
23.06.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror quvvat manbalari bilan ta’minlash maqsadida “yashil” energetika jadal rivojlantirilmoqda. Qisqa davrda bu sohaga qariyb 6 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi. Yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi avvalgi 59 milliarddan hozirda 82 milliard kilovatt soatga yetdi.
2030-yilga borib, yurtimiz aholisi 41 milliondan, iqtisodiyot hajmi 200 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Tabiiyki, bu elektr energiyasiga qo‘shimcha talab tug‘diradi. Shuning uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng ishga solish choralari ko‘rilmoqda.
Taqdimotda bu yil amalga oshirilayotgan loyihalar va yaqin kelajakdagi rejalar haqida axborot berildi. Ulardan asosiy maqsad generatsiya, modernizatsiya va energiya samaradorlikdir.
Xususan, yil yakunigacha 12 ta quyosh va 4 ta shamol elektr stansiyasi, 12 ta energiya saqlash tizimi ishga tushiriladi. Ularga jami investitsiya hajmi 5 milliard dollardan ziyod bo‘lib, salkam 9 milliard kilovatt-soat quvvatga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu yil umumiy qiymati 7 milliard 200 million dollarlik yana 11 ta loyiha qurilishi boshlanadi.
Energiyani nafaqat ishlab chiqarish, balki tejash ham juda muhim. Davlatimiz rahbari tomonidan energiya isrofini kamaytirish, ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida tejamkor uskunalar o‘rnatish vazifasi qo‘yilgan.
Yurtimizda jami elektr iste’molining uchdan bir qismi 18 ta tarmoqqa to‘g‘ri keladi. Masalan, suv xo‘jaligidagi nasoslarga yiliga 6,5 milliard kilovatt soat elektr sarflanyapti.
Shu bois 12 ta yirik nasosni modernizatsiya qilib, har biriga 75-100 megavattli quyosh stansiyasi hamda 50 megavattli saqlash qurilmasi o‘rnatish vazifasi belgilandi. Natijada nasoslarning elektr sarfi yiliga 2 milliard kilovatt-soatga kamayib, 4,5 milliard kilovattga tushadi. Bu ishlar, avvalo, suv chiqarish tannarxi baland bo‘lgan Qarshi magistral kanalidan boshlanadi.
Neft-gaz korxonalarida ham 240 megavattli quyosh stansiyasi va 300 megavattli saqlash qurilmalari o‘rnatib, kamida 600 million kilovatt-soat elektr olish imkoniyati bor.
Umuman, yig‘ilishda elektr iste’moli yuqori 18 ta tarmoqni o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlaydigan tizimga o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Ijtimoiy muassasalarda quyosh energiyasidan foydalanish borasidagi ishlar haqida ham axborot berildi.