
17.06.2025
17-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zbekiston Prezidentining 2024-yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Barcha darajalarda aloqalar va almashinuvlar sezilarli faollashgani qayd etildi.
Tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil iyun oyi boshida Samarqand shahrida ikkinchi Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Savdo-iqtisodiy va moliyaviy-investitsion hamkorlik jadal rivojlanmoqda. 2024-yilda tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda.
Mamlakatimiz hududlarida qo‘shma texnoparklar va maxsus industrial zonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, "BYD" elektromobillarini ishlab chiqarish kengaymoqda.
"Yashil" energetika, neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya, tog‘-kon, to‘qimachilik, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida hamda logistika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohalarida istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. "Ipak yo‘li" jamg‘armasi bilan investitsiya platformasini kengaytirish rejalashtirilgan. Xitoy Eksimbanki ishtirokida poytaxtimizda Olimpiya shaharchasi qurilishi yakunlanmoqda. Toshkent shahrida ushbu bankning mintaqaviy filiali ochildi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" strategik temir yo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligini ham qayd etdilar.
Ta’lim, fan, turizm va madaniyat, kadrlar tayyorlash va xitoy tilini o‘rganish sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.
O‘zbekistonda Xitoyning Shimoli-g‘arbiy qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi universitetining filiali faoliyat ko‘rsatmoqda, Urganch universiteti negizida Pekin universiteti bilan hamkorlikda Xalqaro matematika markazi tashkil etilgan.
O‘tgan yili Konfutsiy instituti faoliyatining 20-yilligi nishonlandi, Xitoyning "Lu Ban ustaxonasi" professional ta’lim tizimi joriy etilmoqda.
Kelgusi yilda ikki mamlakatda madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, SHHT, "Markaziy Osiyo - Xitoy" formati va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muvofiqlashuv va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Yakunda yetakchilar huzurida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani to‘g‘risida bayonnoma imzolangani e’lon qilindi.