
11.06.2025

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Hurmatli Odil Reno-Basso xonim!
Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishida sizlar bilan uchrashib turganimdan behad xursandman.
Biz kecha Xalqaro investitsiya forumida iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish masalalarini, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalishlarni atroflicha muhokama qildik.
Bugun esa sizlar bilan tajriba almashish, aniq loyihalaringizni amalga oshirish, yangi tashabbus va takliflar bo‘yicha yaqindan maslahatlashib olamiz.
Bunday formatdagi do‘stona muloqotlarimiz o‘zining amaliy natijadorligi, yangi-yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarishga qo‘shayotgan beqiyos hissasi bilan alohida ajralib turadi.
Avvalgi uchrashuvlarimiz o‘z samarasini bera boshladi. Shu o‘rinda ayrim misollarni keltirib o‘tmoqchiman.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan mutlaqo yangicha ishlashga o‘tib, aniq natijaga qaratilgan samarali hamkorlik tizimini joriy etdik. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda – 1 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritdi. Mamlakatimiz ushbu bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylandi.
Bunday yutuqlarimizda Reno-Basso xonimning ulkan hissasi borligini, albatta, yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Yana bir bor sizga o‘z minnatdorligimni bildiraman.
Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlarining xususiy sektor bilan hamkorligi keskin kuchayib, ular bir qator ilg‘or korxonalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar kiritishdi. Jumladan, bir yil davomida ularning xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalari hajmi 1 milliard dollardan ortdi.
Yana bir yo‘nalish. Bugun bu uchrashuvda qatnashayotgan kompaniyalar “yashil” energiya, chiqindilarni qayta ishlash, elektr energiyasini saqlash, “yashil” vodorod ishlab chiqarish kabi ilg‘or sohalarda yangi loyihalarni boshlaganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Bu borada “Acwa Power”, “Masdar”, “Linde”, “Shanghai Environment”, “Total Energies” singari yetakchi kompaniyalar 8 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritib, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Raqamli texnologiyalar sohasida ham dunyo tan olgan nufuzli kompaniyalar yurtimizga jadal kirib kelmoqda. Ayniqsa, “DataVolt” kompaniyasi mintaqadagi eng yirik “yashil data markaz”ni, “Veon” kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan “mobil super-ilova”ni yaratish bo‘yicha loyihalarni boshlagani bizni juda quvontiradi.
Hech shubhasiz, bunday loyihalar kelajakning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Buni xorijiy investorlarning islohotlarimizga bo‘lgan yuksak ishonchi, ochiqlik siyosatimizning yaqqol misoli, deb bilaman.
Kengashimiz a’zolari bo‘lgan Xalqaro moliya korporatsiyasi, “Ernst & Young”, “Dentons”, “Knauf”, “TBC” kabi kompaniyalar milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar berdi. Sizlarning yangi tashabbus va g‘oyalaringiz 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlarimizda o‘z aksini topdi.
Umuman olganda, yurtimizda ishlayotgan investorlarning faolligi oshib, so‘nggi ikki yilda chet el kapitali ishtirokidagi 5,5 mingta yangi korxona tashkil etildi. Ularning umumiy soni 16 mingtaga yetdi.
Hurmatli do‘stlar!
Biz bugungi uchrashuvga mutlaqo boshqacha tayyorgarlik ko‘rdik. Xorijiy korxonalar bilan birma-bir gaplashib, bildirilgan 40 dan ziyod tashabbuslarni saralab oldik. Jumladan, sarmoyadorlar soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni ko‘paytirish, infratuzilma sohalarida xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha takliflarni berdilar.
Biz ularning barchasini albatta inobatga olamiz va Kengash a’zolari bilan har bir taklif ustida jiddiy ishlayapmiz. Masalan, 2028-yilga qadar biznes uchun asosiy soliq stavkalari o‘zgarmasligini e’lon qildik. Joriy yilda yo‘l, transport, energiya, suv, irrigatsiya sohalarida qariyb 4,5 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini boshladik. Xalqaro moliya hisobotlari standartlariga o‘tish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvni joriy etish bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Ko‘p murojaatlar elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha kelib tushdi. Bunda, albatta, eng ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanishimiz shart va zarur. Shuning uchun bu borada Kengashimiz qoshida alohida ishchi guruh tuzib, aniq mexanizmlarni ishlab chiqishni taklif qilaman.
Tushgan takliflardan kelib chiqib, garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlarni tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.
O‘tgan yig‘ilishimizda kun tartibidagi eng dolzarb yo‘nalishlarda – raqamlashtirish, mas’uliyatli biznes yuritish va muqobil investitsiya bo‘yicha ishchi guruhlar tuzib olgan edik. Bugun ularning taqdimotlari bilan tanishamiz.
Yana bir muhim masala. Oxirgi bir yilda Kengashimiz ishi keskin faollashdi. Shu bilan birga, Kengash kotibiyati nafaqat investitsiya vazirligi bilan, balki boshqa vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilot va investorlar bilan ham bevosita ishlayapti. Shuning uchun Kotibiyatning mustaqilligini oshirib, uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Bu masala bo‘yicha ham sizlarning fikrlaringizni bilmoqchi edim.
Aziz do‘stlar!
Bugun bo‘lib o‘tgan sermahsul muloqotlarimizdan juda mamnunman. Ochig‘ini aytganda, sizlardan mana shunday jo‘shqin va amaliy fikrlarni kutgan edim.
Har bir taklif va mulohaza batafsil ko‘rib chiqiladi. Hukumatimiz tomonidan alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.
Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: biz investorlar uchun ochiq, erkin, barqaror va ishonchli mamlakat – Yangi O‘zbekistonni barpo etmoqdamiz.
Bu yo‘lda boshlagan va ortga qaytmas tus olgan islohotlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz.
Sizlarni yurtimizga shunchaki sarmoya kiritishga emas, balki muvaffaqiyatimiz tarixining chinakam ishtirokchilariga, biz yaratayotgan buyuk kelajakning ajralmas qismiga aylanishga chorlaymiz.
Mushtarak intilish va sa’y-harakatlarimiz orqali har bir loyiha samarali hamkorligimizning yorqin namunasiga aylanishiga ishonamiz.
Hammangizga bu ezgu yo‘lda katta yutuq va yangi omadlar tilayman.