icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Mahalliy sanoat rivoji uchun yangi imkoniyatlar belgilandi

26.05.2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Bugun dunyodagi tebranishlar sharoitda har bir davlat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayapti. Mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalardir – ularda 1 millionga yaqin aholi ishlamoqda.

O‘tgan 4 oyda yurtimizda sanoat 6,3 foizga o‘sib, 290 trillion so‘mga yetgan. Eksport 20 foizga oshib, 6 milliard 350 million dollarni tashkil etgan.

Yig‘ilishda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu boradagi holat tuman va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, to‘qimachilikda 7 mingga yaqin tadbirkor 500 dan ziyod turdagi mahsulotlar chiqarayapti. Ayrimlari nufuzli brendlarga kiyim-kechak yetkazib berayapti.

Lekin ko‘pchilik sifatga ishlayotgani bilan, buni ko‘rsatib bera olmayapti. Hozirgacha faqat 244 ta korxonamizda xalqaro sertifikat bor, xolos. Ularning ham katta qismi Toshkent va vodiy viloyatlarida bo‘lib, boshqa hududlarda barmoq bilan sanarli.

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra, nafaqat xalqaro sertifikat olish, balki korxonani bunga moslashtirish xarajati ham qoplab berilishi belgilangan. Bundan foydalanib, imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazib, har bir viloyatda xalqaro sertifikatga ega korxonalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari bu borada muhim tashabbusni ilgari surdi. O‘zbekistonda Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi tashkil qilinadi. Unga xorijdan brend-menejer, dizayner, marketologlar jalb etilib, milliy brendlarimizni jahon bozoriga olib chiqishga ko‘maklashiladi. Xalqaro sertifikati bor, raqobatbardosh mahsulotlarga sifat belgisi berilib, dunyoda keng targ‘ib etiladi.

Yurtimizda milliy mahsulotlar bir joyda sotiladigan savdo markazlari yo‘q. Shu bois endi hududlarda “Mall of Uzbekistan” majmualari barpo etiladi. Ulardagi savdo do‘konlari tadbirkorlarga minimal narxda ijaraga beriladi. Bunday markazlar xaridorlarga keng tanlov imkonini berib, xorijiy turistlarga ham qulay bo‘ladi.

Hozirgi murakkab sharoitda o‘zimizda bor xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish – eng asosiy masala. Shu maqsadda, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun faktoring tizimi joriy qilindi, bunga 100 million dollar ajratildi.

Shuning davomi sifatida, endi to‘qimachilik korxonalari ip-kalavani faktoring asosida soddalashgan tartibda sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Mahalliy sanoatdagi yana bir salohiyatli yo‘nalish – mebelsozlik. Bu tarmoqda 7 ming 500 ta korxona ishlab turibdi. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.

Tadbirkorlarimiz bundan ko‘piga ham qodir. Shu maqsadda uydagi hunarmandlikdan sanoatlashgan bosqichga o‘tish istagida yurganlar ancha.

Shu bois, endi 5 nafargacha ishchi olganlarga yakka tadbirkor sifatida mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi.

Mebelchilikka ixtisoslashgan Sharof Rashidov, Yangi Namangan, Pastdarg‘om, O‘rta Chirchiq, Quva, Buvayda, Yunusobod va Uchtepa tumanlarida Xonqa tajribasi asosida mebelchilik markazlari tashkil etiladi.

Sohadagi kichik biznes vakillari chet eldan materiallar olib kelishda qiynalishi mumkin. Ularga bu borada ko‘maklashish, transport xarajatlarini yengillatib, xomashyoni arzon yetkazib berish maqsadida yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish tashkil etiladi. Bunda monopoliyaga yo‘l qo‘yilmaydi, aksincha bozorda tanlov imkoniyati oshadi. Tadbirkorlar narxi va ehtiyojiga qarab, ushbu arzonlashtirilgan yog‘ochdan yoki boshqa ta’minotchidan sotib olishi, yoki chet eldan o‘zi keltirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, 14 turdagi xomashyo, furnitura, aksessuar uchun 3 yil muddatga import boji 1 foiz etib belgilanadi.

Eksport faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida mebelchilarga xalqaro sertifikat olish xarajatining hamda xorijdan jalb qilgan dizayner, marketolog, muhandis-texnologlar ish haqining yarmi qoplab beriladi. Xalqaro ko‘rgazmalarda ijara puli kompensatsiya qilinadigan maydon hozirgi 20 kvadratdan 40 kvadrat metrga oshiriladi.

Yurtimizda azaldan qadrlangan zargarlik bugun iqtisodiyotda qo‘shimcha drayver bo‘lishi mumkin. O‘gan yili bu tarmoqda ishlab chiqarish 200 million dollardan oshgan, eksport 17 foizga o‘sib, 92 million dollarga yetgan.

Lekin bu yiliga 100 tonnadan ziyod oltin qazib olinadigan O‘zbekistondagi imkoniyatlarning o‘ndan biri ham emas. Shu bois bu sohada ham qo‘shimcha yengilliklar belgilandi. 

Endi zargarlar ham yakka tadbirkor sifatida tilla buyumlari savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Chet eldan mutaxassis olib kelish xarajatining 2,5 ming dollargacha qismi kamida 5 nafar shogird chiqarish sharti bilan qoplab beriladi.

Bu sohada ham sanoat usuliga o‘tish va milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Xususan, zargarlikda ishlatiladigan uskunalar va ularning butlovchi qismlari import bojidan ozod qilinadi. Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlaridan oltinni bo‘lib to‘lash asosida sotib olish tartibi yana 3 yilga uzaytiriladi. Nufuzli brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ularning dizayni va qolipini olib kelish xarajatining 30 ming dollargacha qismi qoplab beriladi.

Turkiya, Dubay va Misr tajribasi asosida Toshkent, Andijon va Xivada zargarlik markazlari ochildi. Endi bunday majmualar boshqa hududlarimizda ham bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

Zargarlarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash uchun bu yil birjaga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnaga oshiriladi. Barcha hududlarda oltin zaxirasi yaratiladi.

Bunga javoban, tarmoqda “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirish, qonuniy faoliyatga rag‘bat choralarini qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bunyodkorlik ko‘lami keng bo‘lgan yurtimizda qurilish materiallariga talab yuqori. Hozirgi kunda bu tarmoqda 10 mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Endigi muhim vazifa sifat va xaridorgirlikni ta’minlash.

Shu bois bunyodkorlik ishlarida mahalliy materiallardan kengroq foydalanish, developerlarga aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish orqali buni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.

“Shaffof qurilish” platformasida qurilish materiallari korxonalari reyestrini tashkil qilib, u orqali sifat reytingini yuritish vazifasi qo‘yildi.

Mahsulotlar tannarxini tushirishda energiya iqtisodi juda dolzarb. Shuning uchun energiya va resurs sarfi yuqori yo‘nalishlarni tahlil qilib, tejamkor innovatsion yechimlarni qo‘llash muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2025 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimai hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • Taraqqiyot strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo