
09.04.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3 milliard 500 million dollarga yetdi, bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar tashrifi ilk bor 10 milliondan oshdi.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayapti. Xususan, o‘tgan 8 yilda 6 milliard 500 million dollar sarmoya kiritilib, 130 mingta mehmon o‘rni ochilgan.
Bugungi kunda 20 ta turizm qishlog‘i faoliyat yuritayapti. Parkent tumanining “Oltin bel” cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilayapti.
Aslida, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi kamchiliklar bor.
Shu bois yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Masalan, Sariosiyo tumanining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. U yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida 200 million dollarlik loyihalar qilsa bo‘ladi. Chortoq tumani ham go‘zal tabiati, shifobaxsh suvi bilan mashhur.
Mutasaddilarga shu kabi 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bugungi kunda “BBC”, “Euronews” kabi nufuzli telekanallarda, 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarda O‘zbekistonga sayohat keng targ‘ib qilinmoqda. Viza tartiblari soddalashtirilyapti, zamonaviy samolyotlar olib kelinyapti.
Endi bu imkoniyatlardan foydalanib, sohadagi salohiyatli bozorlardan sayyohlarni jalb qilish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ayni paytda Milliy turizm yagona platformasi ishlab chiqilmoqda. Endi unga elektron viza berish, chipta olish jarayonlari ham ulanadi. Shuningdek, barcha tarixiy obidalarga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilinadi.
So‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor kuchaygani uchun mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi. Lekin haligacha boshqa viloyatlarga sayohatga bormaganlar ko‘p topiladi.
Shu bois endi har oyning bir shanba-yakshanbasi “oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni”, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat yo‘llanmasi sovg‘a qilinadi.
Sohadagi yana bir yo‘nalish – madaniy meros obyektlari. Oxirgi 4 yilda 327 ta shunday majmua restavratsiya va konservatsiya qilindi. Hozir yana 485 ta obyekt ta’mirtalab.
Bu ishlarga xususiy sektorni jalb etib, biznes loyiha qilish mumkinligi aytildi. Madaniy meros obyektlarini ijaraga berishni takomillashtirish, ularga tushumlarni raqamlashtirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Turizm bo‘yicha oliy ta’lim muddati 4 yildan 3 yilga kamaytirilib, dual tizimga o‘tkazildi. Endi buning davomi sifatida, talabalarni amaliyot va ishlash uchun xorijga yuborish yaxshi samara beradi.
Umuman, bunday imkoniyatlar evaziga bu yil 15 million turistni jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala – xorijiy davlatlar bilan hamkorlikdagi investitsiyaviy loyihalar tahlili bo‘ldi.
Bu yil birinchi chorakning o‘zida Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar chog‘ida 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Yaqinda Samarqandda o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi.
Mamlakatimizda 2025-yilda 42 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan. 81 ta yirik, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyiha amalga oshirilishi, donor tashkilotlardan 2 milliard dollar grant hamda banklar tomonidan 6 milliard dollar jalb qilinishi belgilangan.
Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlar hududlar va hamkor mamlakatlar kesimida tahlil qilindi.
Masalan, ilgari investor bormagan, temir yo‘l yoki magistral yo‘l ham o‘tmagan Oltinsoy tumanida 100 million dollarlik 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Yoki Qo‘shrabotda granit tosh qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 75 million dollarlik 2 ta yangi loyiha boshlangan. Izlansa, bunday imkoniyatlar har bir hududda bor.
O‘tgan oyda Londonda “O‘zbekiston investorlari kuni” tashkil etildi. Shu yilning o‘zida 2 milliard 770 million dollar jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi biznes markazlarida ham tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Xususiylashtirishga oid katta dastur ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotilishi, 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarishi mo‘ljallangan. Bular ham xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun ulkan imkoniyat.
Shu oyda Jizzaxda, iyunda esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari o‘tkaziladi. Ularda investorlarga taklif qilish uchun loyihalar jamlanmasini puxta shakllantirish zarur.
Xalqaro moliya institutlari bilan yangicha tizimda ishlanayotgani tufayli yil boshidan buyon 706 million dollar o‘zlashtirildi. Issiqlik stansiyalari, hududiy elektr tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, avtoyo‘l va temir yo‘l tizimlaridagi loyihalar ancha oldinga siljidi.
Lekin vaqtida bajarilmagan yoki asossiz cho‘zilayotgan holatlar ham bor. Bundan keyin tayyor loyihaga o‘zgartirish kiritish faqat Hukumat doirasida ko‘rib chiqilishi, qo‘shimcha ishlar loyiha tugagach, tejalgan mablag‘ hisobidan bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.
Hozirda xalqaro moliya tashkilotlari bilan energetika, transport, agrar, kommunal va ijtimoiy sohalarda 20 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Chet ellik sheriklar mamlakatimizdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlayapti.
Jumladan, o‘tgan oylarda Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Fransiya rivojlanish agentligi, Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakillari Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Sirdaryoga borib, 200 ga yaqin tadbirkor bilan ishladi. Qisqa vaqt ichida 1,5 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishga kelishildi.
Bosh vazir o‘rinbosariga bu amaliyotni tizimga aylantirib, boshqa hududlarda ham yana kamida 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar, xorijiy davlatlardagi elchilar va sohadagi tadbirkorlarning takliflari eshitildi.