
04.04.2025

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand iqlim forumi doirasida O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning "yashil" energetika sohasida strategik investor bo‘lgan "ACWA Power" kompaniyasi bilan samarali sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bugungi kunda kompaniya bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollarga yetdi.
O‘tgan yil dekabrda Buxoro viloyatida har bir 500 megavattli 2 ta shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi, shuningdek, Samarqand viloyatida umumiy quvvati 1 gigavatt bo‘lgan ikkita quyosh stansiyasi va Toshkent viloyatida energiya saqlash tizimlarini qurish loyihalari boshlandi.
"Yashil" energetika, infratuzilma, farmatsevtika, issiqlik va suv ta’minotini modernizatsiya qilish, uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni jadal amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti va iqlim forumi tadbirlaridagi ishtirokini yakunladi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.