
17.03.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida parlament a’zosi davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti, Kongress rahbariyati va O‘zbekiston bo‘yicha kokus a’zolarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ortdi, biznes kooperatsiyasi kuchaymoqda.
Toshkent shahrida Vebster universiteti va Amerika texnologiya universiteti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, transport, bojxona, migratsiya, madaniyat va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Kerol Miller Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi, jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, demokratik institutlarni, eng avvalo, parlamentni mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlar natijalarini yuksak baholadi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni, shu jumladan tog‘-kon, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston hududlarining Amerika shtatlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.