18.07.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, №PQ-3135, 14 iyul 2017 yil
O‘zbekistonda “Islohot – islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun” tamoyili e’lon qilingan va amaliyotga joriy etilmoqda. Shu maqsadda fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, jamiyatning himoyaga muhtoj qatlamlarini, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil va manzilli davlat siyosatini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining qariyb 60 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Sog‘liqni saqlash va fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilishning yangi tizimini shakllantirish, nogironlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish va ularni reabilitatsiya qilish darajasini oshirishga, jamiyatning yetarlicha himoya qilinmagan va ehtiyojmand qatlamlarini davlat tomonidan maqsadli qo‘llab-quvvatlash, ularga ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish va taqdim etilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat ijtimoiy dasturlarining amalga oshirilishi natijasida o‘tgan davrda aholi salomatligi sezilarli darajada mustahkamlandi, onalar o‘limi – 3,2, bolalar o‘limi – 3,4 barobar kamaydi, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 66 yoshdan 74 yoshgacha, ayollar o‘rtasida esa 76 yoshgacha uzaydi.
Mamlakatimizda kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlat muassasalari bilan birgalikda “Mahalla”, “Nuroniy”, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armalari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa ko‘plab nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy sheriklik mexanizmlari asosida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ular jamiyat va davlatning barqaror, izchil rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish hamda hayot sifatini yaxshilash, oila salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining himoyaga muhtoj qatlamlarining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, fuqarolar, jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash, kam ta’minlangan oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashmoqda.
Aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, insonparvarlik tamoyillari, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib:
1. “Xorazm shakar” aksiyadorlik jamiyati, “Angren shakar” mas’uliyati cheklangan jamiyati va qator xorijiy kompaniyalarning “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondini (keyingi o‘rinlarda – Fond) tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
2. Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari etib belgilanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
birinchi – aholining himoyaga muhtoj qatlamlari, avvalo, bemor va nogiron bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirishni ta’minlash, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklarni erta aniqlash, ularni profilaktika qilish va davolash, nogironlikni reabilitatsiya qilish va oldini olish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etishga ko‘maklashish;
ikkinchi – yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki xavfli guruhga kiradigan bolalar, “Mehribonlik”, “Muruvvat”, “Saxovat” uylari va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga yordam berishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;
uchinchi – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi genofondini yaxshilash, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish borasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
to‘rtinchi – xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari, xorijiy fuqarolar va tashkilotlar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, xalqaro tashkilotlarning xayriya mablag‘larini jalb etish va jamlash bo‘yicha faol ishlarni amalga oshirish, Fondning asosiy vazifalariga muvofiq ulardan Fond xayriya dasturlarini (keyingi o‘rinlarda – Fond xayriya dasturlari) amalga oshirish uchun maqsadli foydalanilishini ta’minlash.
3. “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondining tuzilmasi va Vasiylik kengashi tarkibi 1- va 2-ilovalarga muvofiq ma’qullansin hamda quyidagilar Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini muhofaza qilishning normativ-huquqiy bazasi, iqtisodiy va huquqiy kafolatlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
Fond smetasi, buxgalteriya balansi va moliyaviy hisobotini tasdiqlash;
Fond mablag‘lari, jumladan, Fond xayriya dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larini hisobga olish, samarali taqsimlashni tashkil etish va ulardan maqsadli hamda unumli foydalanilishini nazorat qilish;
Fond faoliyatining oshkoraligi, ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
qonun hujjatlari va Fond ustaviga muvofiq boshqa vazifalarni hal etish.
4. Fondning asosiy mablag‘lari jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, xorijiy fuqarolar va tashkilotlarning xayriya yordami hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan shakllantirilishi;
Fondning bank hisob raqamlari O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xayriya mablag‘lari uchun doimo ochiq ekanligi;
Fond ijro apparati Fondning o‘z mablag‘lari hisobidan ta’minlanishi, xayriya yordami shaklida olingan mablag‘lar bundan mustasno ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. Fondga istisno tariqasida:
O‘zbekiston Respublikasi hududida Fond xayriya dasturlari doirasida hisob-kitoblar va to‘lovlarni xorijiy valyutada amalga oshirish;
Fond xayriya dasturlarini amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy fuqarolar – mutaxassislarni mehmonxona va boshqa joylarda joylashtirish xizmatlari uchun to‘lovlarni milliy valyutada to‘lashga ruxsat etilsin.
6. Fond soliqlarning barcha turlari va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar bundan mustasno;
Fond xayriya dasturlarini amalga oshirish doirasida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha Fond tomonidan chetdan keltiriladigan tovarlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinsin.
7. Fondga uning xayriya dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi ijro hokimiyati organlari rahbarlarining fuqarolik burchi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Mahalla” fondi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga Fond xayriya dasturlari amalga oshirilishini ta’minlashda Fond bilan faol hamkorlik qilish tavsiya etilsin.
8. “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Fond xayriya dasturlari ishtirokchilari bo‘lgan shaxslarni, Fond yuklari va tovarlarini imtiyozli tariflar bo‘yicha tashish va jo‘natish, shuningdek, Fond yuk va tovarlari aeroportlar hamda temir yo‘l stansiyalarida saqlash davrida to‘lov undirilmasdan saqlanishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
Fondga xalqaro munosabatlarni amalga oshirish va xorijdagi shunday fond va tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatish, YuNISEF, Qizil Xoch, BMT Missiyalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari bilan bitimlar tuzishda har tomonlama yordam ko‘rsatsin;
Fond buyurtmalari asosida Fond xayriya dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Fond buyurtmalari asosida Fond xayriya dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishi va ularning muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishi
va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Fond buyurtmalari asosida Fond xayriya dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarni jalb qilishga O‘zbekiston Respublikasida mehnat faoliyati uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirgani uchun to‘lov undirmasdan ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini) ta’minlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Fondni zarur aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda ta’minlasin.
13. Ommaviy axborot vositalariga Fond faoliyatini keng yoritish tavsiya etilsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda “Ezgu maqsad” xalqaro xayriya jamoat fondini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazsin.
15. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri