
07.03.2025
Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, muhtarama onalar, aziz opa-singillarni samimiy qutladi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lash davlatimiz siyosatida yetakchi o‘rinda ekanini ta’kidladi.
Xususan, 2017-yilda boshqaruv sohasida xodimlarning 20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam 35 foizga yetdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.
Bu jamiyatimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir etmoqda. Eng muhimi, aql-zakovatli, bilimli va iste’dodli xotin-qizlari davlat va jamiyatning barcha sohalarida namuna bo‘lishmoqda.
O‘tgan yili Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ayol sportchilarimiz 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qo‘lga kiritdi. Madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda 25 nafar, mamlakat miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda esa 71 nafar iste’dodli qiz g‘olib bo‘ldi.
Prezidentimiz ayollarning og‘irini yengil qilish, ularga qo‘shimcha sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
– Uy-ro‘zg‘or ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ayollarni ijtimoiy himoya qilish ham yangicha tashkil etilmoqda. Joriy yilda nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi, boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 mingining uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli ayollar ishga joylashtiriladi.
Shuningdek, har yili og‘ir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatimizdagi so‘lim maskanlarga o‘qish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi.
Xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sog‘lom va qudratli jamiyat poydevoridir. Shu maqsadda 230 ta tug‘ruq muassasasi 21 mingta eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizda saraton kasalligini erta aniqlash maqsadida skrininglar o‘tkaziladi.
Qiz bolaning o‘qishi butun oilaga naf keltirishi yana bir bor ta’kidlandi. Agar oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi.
Talabalarning 52 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu g‘oyaning amaliy natijasi deyish mumkin. O‘tgan yilning o‘zida magistraturada o‘qiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi.
Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollar yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Har bir oiladagi qizlar bog‘cha, maktab bilan to‘liq qamrab olinishi, zamonaviy kasb-hunar va chet tillarini egallashi, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun bundan buyon ham barcha sharoitlar yaratiladi. Xususan, bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinadi. Bu 2017 yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p. Yana 250 ming nafar ayol kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitiladi. “Yorqin kelajak” loyihasi doirasida kamida 200 nafar qiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi.
Davlatimiz rahbari xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish masalalariga alohida to‘xtaldi.
Shu boradagi amaliy qadam sifatida Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu kengash joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri parlament oldiga masala qo‘yish vakolatiga ega bo‘ladi.
Bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trillion so‘m ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 million dollar beriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda tijorat banklari ham 100 million dollar jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi.
Qayd etilganidek, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha 4 bosqichli yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Birinchi bosqichda biznesga qiziqqan, lekin ko‘nikmasi bo‘lmagan 20 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlikka o‘qitiladi. Ikkinchi bosqichda o‘zini o‘zi band qilgan 100 ming nafar ayolning kichik tadbirkor bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Uchinchi bosqichda “Hamroh” kompaniyasi har bir tumanda 2 tadan kichik korxona namunali o‘rta biznes darajasiga olib chiqishga mas’ul bo‘ladi. To‘rtinchi bosqichda eng faol 50 nafar ayol tadbirkor yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshadigan “chempion tadbirkor”ga aylantiriladi.
Umuman, bu yil kasb-hunarga o‘qitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 million nafar ayolning bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
– Oldimizga barcha soha va yo‘nalishlarda g‘oyat ulug‘vor maqsadlarni qo‘ymoqdamiz. Bunga erishish uchun biz tayanadigan yetuk avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish siz, azizlarning – fidoyi onalarning qo‘lida, – dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 3 martdagi qaroriga binoan 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan, 4 martdagi farmonga muvofiq, mehnat faoliyati va jamoat ishlarida katta natijalarga erishgan bir guruh ayollar orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Marosim so‘ngida Shavkat Mirziyoyev xalqimiz nomidan ayollarni yana bir bor tabriklab, ezgu tilaklar bildirdi.
– Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, dunyodagi eng katta boylik – oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman. Doimo farzandlaringiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida yurish nasib etsin, – dedi Prezident.
Bayram doirasida «O‘zbekiston» anjumanlar saroyida tantanali konsert namoyish etildi.