
04.03.2025
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.
Yil boshidan aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy qilingan edi. 208 ta tuman va shahar hokimlari hamda banklar rahbarlari o‘rtasida bu borada hamkorlik shartnomalari imzolandi. Bank filiallarida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlandi.
Bularning natijasida yanvar oyida 239 ming, fevral oyida 480 ming aholi daromadli mehnatga jalb qilindi. Yil boshidan kichik va o‘rta biznesga jami 14 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi. Jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 trillion so‘m ajratildi.
Odamlarga daromad topish imkoniyatlari, tayyor biznes loyihalari tanishtirilib, ularni amalga oshirish yo‘llari o‘rgatilmoqda. Ishli bo‘lganlar soliq qo‘mitasida tasdiqlanmoqda. Mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi tahlil qilib borilayotir.
Yig‘ilishda ushbu tahlillar haqida axborot berildi.
Aholi bandligini ta’minlashda Jizzax, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlarida hamda O‘zmilliybank, Asakabank, Mikrokreditbank va Biznesni rivojlantirish banki loyihalarida yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Lekin Sirdaryo viloyati, 24 ta tuman va shaharda natijalar yuqori emas. Shu bois vazifalar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 30 nafar rahbarga nisbatan choralar ko‘rilgan.
To‘plangan tajribadan kelib chiqib, kelgusi oylarda natijadorlikni oshirish, ishsizlarni kasbga va foydali mehnatga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi. Hozirgi bahor mavsumida tomorqa va ijara yerlarda to‘liq ekin ekish, buni online-mahalla.uz platformasi orqali kuzatib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘tgan ikki oyda investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy bo‘ldi. Yil boshidan beri 6 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Qiymati 574 million dollarlik 1 ming 100 ta o‘rta va kichik loyiha bajarilib, 17 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
2,8 milliard dollarlik tovar va xizmatlar eksport qilindi. Ayniqsa, zargarlik mahsulotlari eksporti o‘tgan yilga nisbatan 7 barobar, kimyoda 1,7 marta, elektrotexnika va oziq-ovqatda 1,2 barobar, turizm xizmatlari 1,6 barobar o‘sgan.
132 ta korxonada xalqaro standartlar joriy qilingan. 521 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqib, birgina fevral oyida qo‘shimcha 183 million dollar eksport qilgan.
Yig‘ilishda ayrim tarmoq va hududlarda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgani qayd etilib, buning sabablari va yechimlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari etib tayinlangan Dilmurod Qosimov tanishtirildi. U tadbirkorlar va investorlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasi sohasidagi nazorat uchun mas’ul bo‘ladi. Endilikda prokuratura idoralari bu borada qulay huquqiy muhit yaratishda muhim o‘rin tutadi.
Mutasaddilar birinchi chorak yakuni bilan 8 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish rejalari, qo‘shimcha eksport imkoniyatlari yuzasidan axborot berdi.