13.02.2025
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13-fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Har bir ota-ona, har bir millatning niyati – jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib bo‘lmaydi. Sport sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustunidir.
Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi to‘rt yilda budjetdan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Murabbiylarning o‘rtacha maoshi 2 barobar ko‘paydi. 101 ta yirik sport inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij Olimpiadasida erishgan yutuqlari bu e’tiborning yorqin natijalari bo‘ldi.
Endi 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida kuchli o‘ntalikka kirish maqsad qilingan. Buning uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, sport federatsiyalarini rivojlantirish zarur.
Yig‘ilishda bu masalalar 26 ta sport federatsiyasi va hududlar kesimida tahlil qilindi.
Masalan, so‘nggi Olimpiya o‘yinlarida 48 ta dastur bo‘lgan yengil atletika bo‘yicha 5 ta, 49 ta suv sporti dasturidan 4 ta litsenziya olingan, xolos. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va sirdaryolik sportchilar past natija ko‘rsatgan.
Shu bois iqtidorli yoshlarni topish, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Davlatimiz rahbari bu boradagi qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, seleksiya tizimini yaxshilash maqsadida Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Prezident bo‘lganidek, hududiy bo‘limlarga viloyat hokimlari boshchilik qiladi.
Ular har bir federatsiya bilan birga, Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik davri bo‘yicha strategiya ishlab chiqadi. Buning uchun zarur sharoit va infratuzilmaga 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, chet eldan ilg‘or tajribalar, grantlar jalb qilish choralari ko‘riladi. Sportchi va murabbiylar xorijiy sport akademiyalarida o‘qitiladi. Oldingi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari natijasiga qarab, sport turlari ustuvorligi bo‘yicha 3 ta toifaga ajratiladi.
Hududlardagi 310 ta sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Ularda yangi metodika va yondashuvlar joriy qilinadi.
Olimpiya sport turlariga moslashtirilgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira bo‘ladi. Ularda hududdan saralangan yoshlar individual reja asosida maqsadli tayyorlanadi.
Shuningdek, yiliga ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalar tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar rag‘batlantirib boradi. Viloyat bosqichi g‘oliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi.
Musobaqa g‘oliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi o‘rinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda, 1-2 kurs o‘quvchilariga stipendiya to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatgan sportchi va terma jamoa ustozlari qatorida sportchilarni yetishtirgan birinchi murabbiylarni ham rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda para sport imkoniyatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bo‘lgan, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi. Parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi.
Endi Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish, natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ilmiy metodika va standartlar ishlab chiqiladi. Uning Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochiladi.
Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi. Bunday yoshlarni, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan qizlarni imkoniyatiga qarab, boshqa sog‘lom sport guruhlarida ham shug‘ullanishiga sharoit yaratiladi. Trenerlarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.
Parasport turlari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish tartibi ham o‘zgartiriladi. Bundan buyon, yoshlar faqat musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi. Bunda, nogironligi bo‘lgan sportchilarning ko‘rsatkichlarini monitoring qilib boradigan alohida onlayn platforma bo‘ladi.
Musobaqa va sport yig‘inlari tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Ya’ni, qayerda chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi. Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun ishonch va rag‘bat bo‘ladi.
Sport sohasida ham xususiy sektorga keng yo‘l ochilishi qayd etildi. Endi xususiy sport klublarining yagona reyestri yuritiladi, ularning faoliyati bo‘yicha mezonlar yaratiladi. Qamrov darajasiga qarab, klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy murabbiylarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.
Muhimi, xususiy klublardagi yoshlar barcha musobaqalarda o‘z nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi va natijasiga qarab, terma jamoalarga qabul qilinadi.
Sportchilarni topish, saralash va tayyorlash jarayoniga raqamlashtirishni keng joriy qilish, adolatni ta’minlab, qobiliyatli yoshlarni yuzaga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili musobaqalarda yoshlar qamrovi 10 millionga yetgan. Lekin katta yoshdagi insonlarning sportda ishtiroki kam.
Shu bois endi mahallalarda ommaviy jismoniy faollik tadbirlari o‘tkaziladi, bu bo‘yicha reyting yuritiladi. Yil yakuni bilan eng faol oilalarga mashq jihozi beriladi, eng yaxshi mahallalarda sport maydonchalari quriladi.
O‘quvchilarni sportga keng jalb etish maqsadida har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha to‘garaklar ochiladi. Maktablar o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil qilinadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchilar seleksiya qilinib, maktablar esa kerakli sport inventari bilan ta’minlanadi. Natija ko‘rsatgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari alohida rag‘batlantiriladi.
Yurtimizda 700 mingdan ziyod talabalar borligi qayd etilib, ular o‘rtasida sportga havasni kuchaytirish, qamrovni oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Aholini sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishda nafaqat sport, balki to‘g‘ri ovqatlanish ham dolzarb. O‘rganishlarga ko‘ra, aholimizning 44 foizi jismoniy faol emas, 36 foizi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilmaydi. Boshoqli va donli mahsulotlar, meva-sabzavotlar iste’moli kam. Tez tayyor bo‘luvchi va tarkibida kanserogen moddalar yuqori bo‘lgan mahsulotlar savdosi ko‘paygan. Bular turli kasalliklar va erta o‘limlarga sabab bo‘layapti.
Shu bois “Sog‘lom inson – sog‘lom millat” g‘oyasi umummilliy harakatga aylantirilishi ta’kidlandi. Buning uchun sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘ibotini har bir oilaga olib kirish kerakligi aytildi.
Yig‘ilishda soha mutasaddilari, hokimlar va sportchilar bilan muloqot bo‘ldi.