07.11.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bugun dunyoda ekologik muammolar, tabiiy ofatlar ko‘payib bormoqda. Bizning mintaqamizga suv tanqisligi xavf solmoqda. Shu bois mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bu ne’matni asrash bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda.
Jumladan, 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani evaziga 200 ming gektarda suv yaxshilandi, yiliga 450 million kub metr suv iqtisod bo‘layapti. Fermer va klasterlar tomonidan ham 13 ming kilometr ichki tarmoq betonlandi.
Suv boshqaruvi isloh qilinib, tumanlarda suvni hisobga olish tizimi shakllandi, fermerlar suvni hisob-kitob qilishni o‘rgandi. Shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgani natijasida bu yil yerga 2 karra ko‘p suv bordi, yana 6 milliard kub metr suv hisobi joyiga qo‘yildi.
Lekin hali dolzarb masalalar ko‘p. Masalan, klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayapti. Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu 2-3 barobar qimmat.
Oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalari modernizatsiya qilindi. Lekin o‘rta va mayda nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi oshib ketayapti. Betonlash hisobiga yo‘qotish 10-15 foizga kamaygan bo‘lsa-da, 20 ta tumanda bu ko‘rsatkich yuqori.
Shu kabi muammolardan kelib chiqib, yig‘ilishda galdagi vazifalar belgilandi.
Joylarda hali betonlash zarur bo‘lgan 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallar bor. Shu bois kelgusi yilda bu ishlarga 800 milliard so‘m ajratilishi qayd etildi.
O‘tgan yili texnika, ishchi kuchi va qum-shag‘aldan yordam bo‘lgani uchun betonlash xarajati 2 karra arzonlashgan. Pudratchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sement yetkazib berish orqali tannarxni yana 20 foizga pasaytirish mumkinligi aytildi.
Yana bir jihati – betonlangan kanallarda suv oqimi tezlashadi. Bu – kichik GESlar qurib, elektr olishga katta imkoniyat. Navoiy viloyatida 11 megavattli 148 ta shunday stansiya qurish boshlangan. Umuman, hududlarda 2 mingta mikro GES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 million kilovatt elektr olish mumkin.
Mutasaddilarga bu borada xususiy sheriklik shartlarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga e’lon qilish topshirildi.
Davlatimiz rahbari sohadagi yaxshi tajribalarni ko‘rsatib o‘tdi. Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha 21 million dollarlik loyiha yakunlangan. Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilgan. Bunda avtomatlashgan boshqaruv natijasida 20 foiz, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi. Ilk bor suvga oldindan to‘lov bo‘ladi.
Viloyat hokimlariga ushbu tizimni o‘rganib, suv ta’minoti og‘ir tumanlarda joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Bugungi kunda yerlarni sug‘orishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya ishlatilmoqda. Ular o‘ziga yarasha elektr energiyasi talab qiladi. Shu bois 2025-yil – suv xo‘jaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘lishi belgilandi.
Xususiy sherik bilan tejamkor nasos va quyosh paneli o‘rnatib, 20 foiz elektr tejash mumkin. Masalan, xorazmlik dehqonlar shunday qilayapti. Shuningdek, quyosh paneli o‘rnatib, ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qo‘shimcha 7-8 million so‘m daromad olayapti.
Mutasaddilarga ushbu tajribani kengaytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Respublika bo‘yicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida o‘tgan yilning o‘zida 2 milliard kub metr suv tejalgan. Lekin ayrim dalalarda o‘rnatilgan uskunalar ishlamayapti.
Endi bu qat’iy nazoratga olinadi. Kelgusi yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatiladi. Qoraqalpog‘istonda qo‘llangan lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham bo‘ladi. Boshqa hududlarda ham lazerli tekislash kengaytiriladi.
Bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ish – sohadagi yana bir manba. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida shunday inshootlar barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni bor. “O‘zbekgidroenergo” kompaniyasi bu borada ikki yillik reja oldi.
Prezidentimiz suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li raqamlashtirish ekanini ta’kidladi.
Nasos stansiyalariga onlayn nazorat va “aqlli suv” qurilmalari olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘q. Suv iste’moli va hisob-kitobi o‘ta murakkab.
Shu bois vazirlik huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tuzilishi belgilandi. Unda suv iste’moli va hisobini yuritishning yagona axborot tizimi ishga tushiriladi.
Mutasaddilarga suv xo‘jaligida 2030-yilgacha bo‘lgan eng muhim loyihalar dasturini tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va soha mutaxassislarining fikr va takliflari eshitildi.