07.07.2017
Davlatimiz rahbari To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Gold Fresh Fruits» mas’uliyati cheklangan jamiyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini, ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik, bog‘dorchilikni rivojlantirish, bu borada yangi loyihalarni hayotga tatbiq etishga qaratilayotgan alohida e’tibor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishga, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Gold Fresh Fruits» MChJda 482 gektar yerda intensiv bog‘ tashkil etilgan. 300 dan ziyod kishi mehnat qilayotgan jamiyatda gilos, olxo‘ri, shaftoli, xurmo va o‘rik ko‘chatlari parvarishlanmoqda. 104 gektar yer gilos ko‘chati ekish uchun tayyorlanmoqda.
Korxona hududida 2018-yil oxirigacha yana 400 gektardan ortiq maydonda gilos bog‘i tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 45 million dollar mablag‘ sarflanadi. Bir yilda 10 ming tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish, 30 million dollarlik hajmda eksport qilish ko‘zda tutilgan. Korxonada 6,5 gektarda meva-cabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlash logistika markazi tashkil etish mo‘ljallangan. Natijada 300 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Birinchi Prezidentimizning 2015-yil 29-dekabrdagi 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi, 2009-yil 26-yanvardagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishni va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlari bo‘yicha Xalq banki tomonidan qator loyihalar amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bankning moliyaviy ko‘magida To‘raqo‘rg‘on tumanida tashkil etiladigan 2 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi hamda sutni qayta ishlash loyihasi shular jumlasidandir. Loyiha qiymati 11,8 milliard so‘mni tashkil etuvchi ushbu kompleksning yer maydoni 510 gektar bo‘lib, shundan chorva mollari uchun ozuqa mahsulotlari yetishtirishga 500 gektar, qurilish ishlari uchun 10 gektar yer ajratilishi rejalashtirilgan.
Kompleksda yiliga 4 ming 280 tonna sut, 150 tonna go‘sht yetishtiriladi. Loyihani 2018-yilning uchinchi choragida ishga tushirish mo‘ljallangan.
Shu yerda Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Muhammadali hamkor biznes» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 10 gektarga issiqxona va tomat pastasi ishlab chiqarish zavodi, Namangan shahridagi «Jahon javohiri invest» va Pop tumanidagi «Namangan agro logistic» MChJlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash hamda issiqxona tashkil etish loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.
Yuqori texnologiya asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish, ayniqsa, gilos plantatsiyalari tashkil qilib, uning serhosil, ertapishar navlarini ekishni ko‘paytirishimiz kerak, dedi Prezidentimiz.