28.08.2024
Muhtaram vatandoshlar!
Qadrli sportchi o‘g‘il-qizlarim!
Hurmatli murabbiy va mutaxassislar!
Siz, azizlarni Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, erishgan ulkan tarixiy g‘alabangiz bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Dunyoning 200 dan ziyod davlatidan 11 ming nafarga yaqin eng mashhur sportchilar qatnashgan ushbu nufuzli sport anjumani biz uchun tom ma’noda rekordlar, mislsiz yutuqlarga boy bo‘ldi.
Avvalo, mazkur Olimpiadada O‘zbekiston birinchi marta eng ko‘p tarkib bilan, ya’ni, 19 ta sport turi bo‘yicha 90 nafar sportchi bilan ishtirok etganini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, ayollar kurashi, kamondan o‘q otish, suvga sakrash, futbol kabi sport turlari bo‘yicha sportchilarimiz ilk bor Olimpiya o‘yinlarida qatnashganini alohida e’tirof etish kerak.
Jahondagi nufuzli “Financial Times” nashrining ta’kidlashicha, Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildiradi.
Chindan ham, sizlar g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat ko‘rsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir.
Bu tarixiy g‘alaba Yangi O‘zbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi. Mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Barchamizni quvontirgan bu natijalar O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan yutuqlardir.
Esingizda bo‘lsa, biz Tokio Olimpiadasidan so‘ng keyingi safar albatta jahonda kuchli o‘n beshtalikka kiramiz, deb niyat qilgan edik. Lekin faqat niyatning o‘zi bilan cheklanmasdan, avvalo, bu masalaga bo‘lgan qarashimizni o‘zgartirib, uch yil davomida qattiq va tinimsiz mehnat qildik, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib, ana shunday yuksak marralarni zabt etdik.
Chin dildan intilib, astoydil harakat qilsak, qo‘limizdan kelar ekan-ku!
Albatta, siz, mohir sportchilar, tajribali murabbiy va mutaxassislar ilgari ham ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgansiz. G‘oliblik, g‘alaba tuyg‘usi sizlarga begona emas. Lekin Olimpiada o‘yinlaridagi har bir yutuq, har bir yuksak natijaning o‘rni, mohiyati va ahamiyati beqiyosdir.
Chunki to‘rt yilda bir marta o‘tadigan bunday yirik xalqaro musobaqada dunyodagi har bir mamlakatning sport sohasiga berayotgan e’tibori, millat va xalqning jismoniy va ma’naviy salohiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bunday ulkan arenada eng kuchli va mohir atletlar, zo‘rlarning zo‘ri ishtirok etadi. Ularning orasida g‘olib chiqish, zafar qozonish uchun yillar davomida tinimsiz mashq qilish, bor kuchi va mahoratini safarbar etish, po‘latday mustahkam iroda va matonat kerakligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Shu ma’noda, sizlar xalqimizning chinakam qahramonlari, botir o‘g‘il-qizlari, Vatanimiz iftixorlarisiz. Barchamiz sizlar bilan g‘ururlanamiz!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida yurtimiz vakillari bir qator rekord natijalarni qo‘lga kiritdilar. Masalan, dzyudo bo‘yicha bizda ilgari oltin medal bo‘lmagan edi. Bu safar matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova tomonidan ushbu marra zabt etildi.
Ne-ne polvon qizlarni dog‘da qoldirgan bu qahramon sportchimiz yozgi Olimpiya o‘yinlari tarixida o‘zbekistonlik ayollar o‘rtasida birinchi marta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa Diyora yana bir rekord o‘rnatdi. Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida oddiy oilada tug‘ilib voyaga yetgan bu sportchimizning nomi dunyoga doston bo‘ldi. Mamlakatimiz va chet el matbuoti uni “Olamni mahliyo aylagan Diyora” deb ta’rifladi.
Yana bir jasur qizimiz – Svetlana Osipova esa taekvondo bo‘yicha birinchi kumush medalni egallab, mamlakatimiz ayollar sporti tarixida yangi sahifa ochdi.
Shu tariqa sportchi qizlarimiz bitta Olimpiadada ilk bor 2 ta medalni qo‘lga kiritib, yangi rekord o‘rnatishga erishdilar. Mana shunday matonatli, fidoyi qizlarimizning sport olamidagi jasorati har qanday yuksak tahsinga loyiqdir.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston taekvondo bo‘yicha birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida 2 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa terma jamoamiz o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egalladi.
Ayniqsa, mohir sportchi o‘g‘lonimiz Ulug‘bek Rashitov Olimpiya harakati solnomasida taekvondo bo‘yicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni bo‘ldi. Shu paytgacha dunyoda faqat 4 nafar sportchi shunday yuksak sharafga sazovor bo‘lgan edi. Ulug‘bek esa beshinchi bo‘lib, ularning safidan munosib va mustahkam joy egalladi.
U oyog‘idan qattiq jarohat olganiga qaramay, shiddatli final jangida kuchli raqibga qarshi mardona jang qilib, g‘olib qahramonga aylandi.
Mana, bizning qanday sheryurak o‘g‘lonlarimiz bor!
Shu bilan birga, bu galgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston dzyudo bo‘yicha o‘z tarixida eng ko‘p medal olganini aytish o‘rinlidir.
Boks bo‘yicha milliy terma jamoamiz oltin medallar soni bo‘yicha mamlakatimiz tarixida Olimpiya o‘yinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Erkaklar o‘rtasida yettita oltin medalning beshtasini – e’tibor bering, beshtasi – yoki 71 foizini bizning bokschilarimiz qo‘lga kiritdilar.
Bu – chinakam jasorat va bahodirlik namunasi emasmi?!
Bu – Yangi O‘zbekiston tarixining chinakam yangi sahifalari emasmi?!
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston iftixorlari – mohir bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqovni ana shunday shonli yutuqlari bilan yana bir bor qizg‘in tabriklayman.
Erkin kurash bo‘yicha 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdik. Bu ham tarixiy yutuqdir. Shu munosabat bilan mohir kurashchi Razambek Jamalovni ham samimiy qutlab, unga yangi zafarlar tilab qolamiz.
Mamlakatimiz jamoasi erishgan yutuqlarda kumush medal sohibi – og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev, bronza medal sovrindorlari – erkin kurashchi G‘ulomjon Abdullayev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek To‘raboyev, Alisher Yusupovning ham hissasi katta bo‘ldi.
Sportchilarimiz sharafiga Yevropaning qoq markazida – qadimiy Parij maydonida O‘zbekiston madhiyasi 8 bor yangrab, mamlakatimiz bayrog‘i 13 marta baland ko‘tarildi.
Jonajon Vatanimizni butun dunyoga tarannum etgan mard va matonatli yoshlarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Qadrli yurtdoshlar!
Bugun hayot, zamon keskin shiddat bilan o‘zgarmoqda. Mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, mamlakatimiz barcha sohalarda dadil oldinga bormoqda.
Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyotiga albatta mana shunday ulkan g‘alabalar yarashadi. Shu ma’noda, sizlar Parijda erishgan natijalaringiz bilan o‘z nomingizni milliy sportimiz tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qo‘ydingiz. Sizlar xalqimiz qalbidagi milliy g‘urur tuyg‘usini har tomonlama yuksaltirdingiz.
Eng muhimi, bunday porloq g‘alabalar el-yurtimizni ruhlantiradi, yanada birlashtiradi. Ular yoshlarimiz uchun mardlik va matonat, ibrat va shon-sharaf maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Hech shubhasiz, bu olamshumul yutuqlarda siz, aziz sportchilarimiz bilan birga talabchan va fidoyi ustoz-murabbiylar, mutaxassis va mutasaddilar, sizlarga chin dildan omad tilab turgan butun xalqimizning hissasi ham beqiyosdir.
Hurmatli sportchi yoshlar!
Shu kunlarda butun xalqimiz Mustaqillik bayramining ruhi va shukuhi bilan yashamoqda. Sizlar erishgan yorqin g‘alabalar ana shu eng ulug‘ va qadrli bayramimizga tom ma’noda munosib sovg‘a bo‘ldi.
Albatta, hamisha keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish hammaga ham nasib etmaydi. Faqat eng shijoatli, eng irodali sportchilargina bunday sharafga muyassar bo‘la oladi.
Shu ma’noda, Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini astoydil himoya qilgan, lekin ozgina omadi kelmagan sportchilarimizni ham samimiy tabriklaymiz. Xususan, badiiy gimnastika bo‘yicha sportchi qizlarimiz Olimpiya o‘yinlari tarixida birinchi marta guruh bellashuvlarining final bosqichiga yetib bordilar. Ular dunyoning eng kuchli 8 ta jamoasi orasidan joy egallagani ham o‘ziga xos muhim natija, albatta.
Shu bilan birga, mamlakatimiz tarixida birinchi marta Olimpiya maydonlarida to‘p surgan navqiron futbolchilarimiz jahondagi eng kuchli jamoalarga qarshi munosib kurash olib borganini ta’kidlash lozim.
Olimpiada o‘yinlari ko‘plab sportchilarimiz uchun – garchi ular sovrinli o‘rinlarga erishmagan bo‘lsalar ham – o‘ziga xos katta tajriba maktabi bo‘ldi. Va barchamiz kelgusida ulardan yuksak natijalar kutishga haqlimiz.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Fransiya maydonlarida erishilgan tarixiy yutuqlarda mamlakatimizda sport va jismoniy tarbiya sohasiga, Olimpiya harakatini ravnaq toptirishga berilayotgan ulkan e’tibor, yaratilgan samarali tizim va qulay sharoitlar, sportchi yoshlarimizni munosib rag‘batlantirish ham katta rol o‘ynaganini yana bir bor qayd etmoqchiman.
Fursatdan foydalanib, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilarimizga, ularning ustoz va murabbiylariga, O‘zbekiston sport delegatsiyasining barcha a’zolari va rahbarlariga chin dildan minnatdorlik bildiraman!
Bugungi tantanamizda g‘olib sportchilarimizning hurmatli ota-onalari ham ishtirok etmoqda. Shunday pahlavon, vatanparvar farzandlarni el-yurtimizga tarbiyalab bergan siz, azizlarga alohida tashakkur aytmoqchiman.
Hech qachon kam bo‘lmanglar, katta rahmat sizlarga!
Qadrli yurtdoshlar!
Shu o‘rinda barchamiz guvohi bo‘lgan yana bir muhim jihatni aytib o‘tmoqchiman.
Sportchilarimizning ulkan g‘alabalari nafaqat xalqimizni, balki butun mintaqamizni ruhlantirib yubordi. Bunday yutuqlar xalqlarimizni birdamlikka, har qanday sharoitda ham yelkama-yelka turishga chorlagani qalbimizni faxru g‘ururga to‘ldirdi.
Ayniqsa, boks bo‘yicha o‘zbek murabbiysi Akmal Hasanov qirg‘izistonlik bokschi Munarbek Seyitbek o‘g‘liga yordam berib, uni musobaqaning finaligacha olib borgani mintaqamizdagi do‘stona munosabatning yorqin namunasi bo‘ldi.
Ahil qo‘shnichilik tamoyillariga qurilgan siyosatimiz bugun xalqlarimiz yuragiga ko‘chganini ko‘rish albatta quvonchlidir.
Hurmatli do‘stlar!
Olimpiadachilarimizning buyuk g‘alabasi butun xalqimiz qatori ijod ahlini – shoirlar va jurnalistlar, san’atkor va blogerlarni ham ruhlantirib yubordi. Sizlarning sha’ningizga atab o‘nlab she’rlar, maqolalar yozildi, hatto chet ellarda ham qo‘shiqlar kuylandi. Bu tarixiy voqeaga bag‘ishlab, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Olimp uzra hilpirar O‘zbekiston bayrog‘i” deb nomlangan yangi kitob kuni kecha nashrdan chiqarildi.
Bugun sizlar kabi qahramonlarimiz jasorati tarannum etilgan ushbu kitobni har biringizga esdalik sovg‘asi sifatida taqdim etar ekanmiz, ijodkorlarimizga ham albatta rahmat aytamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Shu kunlarda barchamizning e’tiborimiz yana Fransiyaga, u yerda bo‘lib o‘tayotgan Paralimpiya o‘yinlariga qaratilgan.
Ana shu nufuzli xalqaro musobaqalarda qizg‘in kurash olib borayotgan mard va matonatli sportchilarimizni Mustaqillik bayrami bilan chin dildan qutlab, barcha bellashuvlarda ularga ulkan kuch-g‘ayrat, yutuq va omadlar tilaymiz.
Ularga ham sizlarning yo‘lingizni, baxtingizni bersin!
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Albatta, Parijdagi natijalarimizni chuqur tahlil qilib, ulardan zarur xulosa va saboqlar chiqargan holda, 2028 yili Los-Anjelesda bo‘ladigan navbatdagi olimpiadaga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak.
Kelgusi Olimpiadada kuchli o‘nlikka kirish bosh maqsadimiz bo‘ladi. Masalan, Parij Olimpiadasida 32 ta sport turi bo‘yicha 329 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borildi. E’tibor bering, suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosida – 49 ta, yengil atletika bo‘yicha – 48 ta, baydarka va kanoeda eshkak eshish – 30 ta, velosport turlari bo‘yicha – 22 ta, o‘q otish va kamondan otishda – 20 ta, gimnastikada – 14 ta medallar sovrin sifatida qo‘yilgan edi.
Ushbu sport turlarining barchasi bo‘yicha bizda sport federatsiyalari ham, musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun tegishli baza ham bor. Eng muhimi, bizda bu borada iqtidorli sportchilar ham yetarli.
Lekin, yengil atletikadan atigi 5 ta, suv sporti turlaridan bor-yo‘g‘i 4 ta litsenziya olganimiz, tennis, stol tennisi, badminton, o‘q otish kabi yo‘nalishlarda birorta sportchimiz Olimpiadaga bormagani bizni chuqur o‘ylantirishi kerak.
Parij natijalari bo‘yicha sportchilarimizga hech kimning e’tiroz bildirishga haqqi yo‘q. Ularning barchasi qo‘lidan kelgancha harakat qildi va biz ulardan albatta minnatdormiz.
Asosiy e’tiroz – sport federatsiyalariga! Ayniqsa, chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari bo‘yicha natijalarimiz biz kutgandek bo‘lmadi. Yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik, eshkak eshish, velosport kabi sport turlari bo‘yicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlarimiz juda ko‘p.
Oldimizda to‘rt yil vaqt bor. O‘ylaymanki, bugun faoliyati tanqid qilingan sport federatsiyalari rahbarlari o‘zlari uchun xulosa qilib, Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘radilar.
Bunga erishish uchun har bir olimpiya sport turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Shu maqsadda, kelgusi to‘rt yilda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha katta dasturlar qabul qilinadi.
Har bir yo‘nalishda sport meditsinasi, farmakologiyasi, diyetologiyasi, psixologiyasi va muhandisligi bo‘yicha chet eldan malakali mutaxassislar jalb etiladi. Bu borada “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulotlarni ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘tkazish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi.
Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina maktablari kabi ixtisoslashgan sport muassasalari har bir hududda, har bir sport yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilinadi. Bundan tashqari, joylarda, ayniqsa, mahallalarda yangi-yangi iqtidorlarni kashf qilish, ularni manzilli seleksiya asosida xalqaro musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha ham alohida dastur joriy etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Olimpiada o‘yinlarida nafaqat kurashchi-pahlavonlar yurti, balki chavandoz va yuguruvchilar, mergan va qilichbozlar, gimnast va suzuvchilar, futbolchi va tennischilar, marafonchi va velosportchilar mamlakati sifatida ham munosib ishtirok etishi kerak.
Buning uchun mamlakatimizdagi zarur sport infratuzilmasiga ega bo‘lgan 15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ana shu yo‘nalishlarda yuqori mahoratli sportchilarni tarbiyalagan mahalliy va xorijiy trenerlarni biriktirish lozim.
Bosh vazir Abdulla Aripov, sport vaziri Adham Ikromov sport federatsiyalari rahbarlari bilan birga, bir oy ichida oylik rejalarni qog‘ozga tushirib, har tomonlama asoslangan takliflarini kiritsin.
Yana bir muhim masala. Ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas bir qismi bo‘lishi kerak. Shu bois bir oy muddatda mamlakatimizda ommaviy sportni yanada rivojlantirish haqida takliflar ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.
Ishonchim komil, barcha chora-tadbirlarni aniq hisob-kitob va puxta tayyorgarlik bilan amalga oshirsak, keyingi Olimpiada o‘yinlarida ko‘zlagan maqsadimizga albatta yetamiz.
Qadrli vatandoshlar!
Kuni kecha XXXIII yozgi Olimpiada o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ularning murabbiylari hamda sport delegatsiyamiz a’zolaridan bir guruhini mukofotlash haqida farmonga imzo chekdim.
Barchangizni Parij Olimpiadasida erishgan ulkan natijalaringiz va yuksak davlat mukofotlari bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, kelgusi faoliyatingizda yanada ulkan zafarlar tilayman.
Sport olamida doimo yangi-yangi yutuqlarga erishib, xalqimizni xursand qilishdan hech qachon charchamang, tolmang!
Mana shunday tarixiy yutuqlarimiz bardavom bo‘lsin!
Jonajon Vatanimiz yanada gullab-yashnasin!
Hamisha sog‘-omon bo‘linglar, katta rahmat sizlarga!