31.05.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorako‘l tumanida yangi loyiha asosida ta’mirlangan avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.
Buxoro viloyatida 15 ming 400 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan 486 kilometri xalqaro ahamiyatga ega. Ularda kuniga o‘rtacha 45-50 mingta transport vositalari harakatlanadi. Shu yil 29-yanvarda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu sohaga alohida to‘xtalib, yo‘llarni sifatli qurish, ko‘chalar bo‘yida xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Bu borada barcha hududlarda ishlar boshlab yuborilgan.
Jumladan, Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi avtomobil yo‘lining Qorako‘l tumanidan o‘tgan bir qismi namunaviy shaklga keltirildi. Loyihaga ko‘ra, 4 tasmali yo‘l yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan. Bunda mustahkamligi yuqori innovatsion materiallardan foydalanilgani evaziga yo‘lning sifati oshgan. Masalan, hozirgi an’anaviy asfalt yo‘llar o‘n besh yil atrofida qayta qurilsa, yangi loyiha bo‘yicha yigirma yilgacha xizmat qiladi. Ularni joriy ta’mirlash oralig‘i ham uzayadi. Yana bir samarali tomoni, ta’mirlash jarayonida yo‘l qatlamlarini o‘sha joyning o‘zida qayta ishlab, yangilash mumkin bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari aholi manfaatiga qaratilgan bunday ishlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
- Asosiy vazifa - yo‘llarda sifat va madaniyatni ta’minlash, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi loyihada bu masala ham inobatga olingan. Yo‘l sifatini saqlash maqsadida, me’yordan ortiq yuk tashuvchi transport vositalarining vazn parametrlarini vaqti-vaqti bilan o‘lchovchi ko‘chma tarozi qo‘yiladi.
Shuningdek, bu yerda yondosh shoxobcha yo‘l ham qurilgan. Yangi belgilar, elektron tablo va quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Yo‘l bo‘yiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan.
Prezidentimiz bu jihatga alohida to‘xtalib, daraxt ekish yo‘l qurilishi bilan birga olib borilishi shart ekanini ta’kidladi.
Shu yerda transport va bunyodkorlik loyihalari taqdimot qilindi.
Buxoro viloyatida bu boradagi rejalar ko‘p. Ilgari bir yilda o‘rtacha 250-300 kilometr yo‘l ishlari bajarilgan bo‘lsa, birgina 2023-yilda 1 ming 255 kilometr yo‘llar ta’mirlangan. Bu yil hudud bo‘yicha 1 ming 316 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shularning davomi sifatida G‘ijduvon tumanidan Turkmaniston chegarasigacha 155 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish loyihasi ma’qullandi.
Yo‘lsozlik sohasida kadrlar tayyorlash, mutaxassislarni rivojlangan davlatlarda malaka oshirishini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
Buxoro shahrini rivojlantirish konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, shaharda “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘i bunyod etilishi rejalashtirilgan. Bog‘da Buxoro tarixi zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihaning g‘oyaviy mazmuni va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.