23.05.2024
Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram adiblar, qadrli yoshlarimiz!
Avvalo, barchangizni elimizning suyukli farzandi, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning betakror ijodiga bag‘ishlangan bugungi festival – o‘ziga xos adabiyot va san’at bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ma’lumki, xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoati bilan barpo etilayotgan Yangi O‘zbekistonda milliy adabiyot, madaniyat va san’atni rivojlantirish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishini tashkil etadi.
Zotan, ma’rifatparvar shoirimiz Abdulhamid Cho‘lponning “Adabiyot yashasa – millat yashar” degan hikmatli so‘zlarida chuqur ma’no bor.
O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini har tomonlama o‘rganish va keng targ‘ib qilish, uni bugun yuz berayotgan murakkab jarayonlar bilan uzviy bog‘liq holda tahlil etib, zarur xulosalar chiqarish ma’naviy hayotimizni yuksaltirishda, hech shubhasiz, katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, hozirgi notinch va tahlikali zamonda milliy o‘zligimizni anglash, azaliy ezgu qadriyatilarimizni saqlash va boyitish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday o‘ta muhim vazifalarni amalga oshirishda xalqimizning Erkin Vohidov kabi buyuk va ardoqli farzandlarining qutlug‘ va o‘lmas merosi albatta beqiyos o‘rin tutadi.
O‘ylaymanki, bu mo‘tabar zotni ortiqcha ta’riflab o‘tirishning hojati yo‘q. Ulkan shoir va dramaturg, mohir tarjimon va o‘tkir publitsist, taniqli jamoat arbobi sifatida Erkin Vohidovning asarlari milliy adabiyotimizning “oltin fondi”dan, yurtimiz va chet ellardagi ming-minglab adabiyot muxlislarining qalbidan munosib va mustahkam o‘rin olgani bilan har qancha g‘ururlansak, arziydi.
Hozirgi vaqtda yurtimizda ulug‘ shoirimiz xotirasini e’zozlash va boy ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. Xususan, Marg‘ilon shahrida ijodkorlar bog‘i bunyod qilinib, sevimli adibimizning haykali va muzeyi ochildi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Poytaxtimizning Adiblar xiyobonida u kishiga bag‘ishlab muhtasham yodgorlik obidasi qad rostladi. Shoir tavalludining 80 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlandi.
Men Erkin Vohidovdek serqirra iste’dod egasi, haqiqiy vatanparvar va millatparvar inson bilan zamondosh va maslakdosh bo‘lib yashash nasib etganidan baxtiyorman.
Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan bugungi jo‘shqin islohotlarimizda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf singari betakror ijodkorlarimizning o‘rni har qadamda sezilib turadi. Ammo hozirgi kunda yetishib kelayotgan iste’dodli yoshlarimiz – mening aziz va qadrli farzandlarim buyuk ustozlarining yo‘lini munosib davom ettirayotgani bizga taskin beradi.
Bugungi ijodiy anjuman doirasida ardoqli shoirimizning otashin va dilbar she’rlari yangrayotgani, u kishining g‘azallari asosida aytilgan qo‘shiqlar tanlovi o‘tkazilayotgani, bu so‘lim maskanda Erkin Vohidov nomida bog‘ barpo etilayotgani tahsinga sazovordir.
Biz ushbu adabiy festivalni har yili an’anaviy tarzda o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. Zero, buyuk tarixga ega bo‘lgan, o‘z o‘tmishidan g‘ururlanib, ayni vaqtda, kelajakka yuksak ishonch bilan intilayotgan bugungi o‘g‘il-qizlarimiz ma’naviy buloqlarimizdan bahramand bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkorlari bo‘lib voyaga yetishida mana shunday anjumanlarning o‘rni va ta’siri beqiyos, albatta.
Fursatdan foydalanib, ushbu tadbir tashkilotchilari – Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “UzReport” telekanali va “Turonbank” mutasaddilariga, shoirning farzandlari va barcha muxlislariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Festival qatnashchilarini, uning g‘olib va sovrindorlarini, turli hududlardan kelgan yoshlarimizni yana bir bor tabriklayman.
Barchangizga sog‘lik-salomatlik, ijodiy ishlaringizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti