09.04.2024
9-aprel kuni Zarbdor tumanida Jizzax viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu muloqot Ramazon hayiti arafasida o‘tayotganiga urg‘u berib, xalqimizni ushbu ulug‘ ayyom bilan tabrikladi.
Barcha hududlardagi kabi Jizzax viloyatida ham katta o‘zgarishlar bo‘layotgani qayd etildi. So‘nggi yetti yilda viloyatga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 2 ming 500 ta yangi korxona ishga tushgan. Ularda 45 mingta doimiy ish o‘rinlari yaratilgan. Tadbirkorlar soni 2 karra ko‘paygan. Qishloq xo‘jaligidan sanoatga katta sakrash bo‘lgan.
Lekin hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, dolzarb masalalar ham bor. Ayrim tumanlarda aholini barqaror ish va oylik bilan ta’minlaydigan o‘rta korxonalar kam. Viloyat sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi. Yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi yer maydonlariga yarasha emas.
Shu bois, tashrifdan oldin, iqtisodiy kompleks vakillari tumanlarni chuqur o‘rganib, viloyatda 57 ming ish o‘rni yaratish imkoniyatlarini chamaladi. Umuman, Jizzaxning 13 ta tumanida iqtisodiyotga turtki beradigan 100 ta imkoniyat va zaxiralar aniqlangan.
Yig‘ilishda bu Zarbdor tumani misolida ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, tumandagi tijorat banklari mahalliy tadbirkorlar muammolarini hal qilib, faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashadi. “Zarbdor tekstil” korxonasi quvvatlari oshiriladi. “Rivoj davr” fermer xo‘jaligi aholiga bo‘lib berilgan yerlarda qovun yetishtirish va uni qayta ishlash orqali 28 million dollar eksport qilishni rejalashtirgan.
Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ma’lum qildi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari katta. Lekin eksport uchun yetarli mahsulot yo‘q. Shu bois ekinlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangicha tizim joriy qilinadi.
Xususan, banklar o‘ziga biriktirilgan 309 ta mahallaga lider tadbirkorlarni topadi. U orqali aholiga tomorqada daromad topish uchun moliyaviy xizmat to‘plami qilib beriladi. Buning uchun banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3 yil muddatga 1,5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratadi, budjet hisobidan agronom jalb qilish, o‘qitish, mahallada yig‘ish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard so‘mgacha grantlar beradi, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidan 33 million so‘mdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million so‘mdan kredit ajratadi.
Tumanlarda bittadan yaxlit kontur tanlab olinib, jami 500 gektar maydonda bir xil mahsulot yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Arnasoyda 16 sentnerdan kam hosil olinayotgan yerlar lotlarga bo‘linib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.
Bularning natijasida viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmini ikki yilda 2 karra oshirib, 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqish imkoniyati bor. Bu qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin bo‘ladi.
Viloyatda kasanachilik asosida asalarichilikni rivojlantirish uchun imkoniyat ham, tadbirkorlar ham bor. Masalan, o‘rmon xo‘jaligi yerlariga asalari qutilarini joylash orqali mingta oilaning bandligini ta’minlash, 50 milliard so‘m qo‘shimcha daromad olish, 2 million dollar eksportga chiqarish mumkin. Shu bois Zomin tumanida asalarichilik markazi tashkil qilish, quti va jihozlar ishlab chiqarish, asalni qadoqlab, eksportga yuborish vazifalari belgilandi.
Yangiobod tumanidagi lalmi yerda oq piyoz yetishtirish, quritish, qadoqlash va muzlatgichli omborxonani qamrab olgan klaster tashkil qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Chorvachilik, baliqchilik va issiqxona xo‘jaligi uchun qulayliklar ham aytib o‘tildi.
“Janubiy Mirzacho‘l” va “Tuyatortar” kanallarini betonlash, nasoslar o‘rnatish qishloq xo‘jaligidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Mutasaddilarga bu borada uch yillik dasturni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Sanoat rivoji uchun ham zaxirlar ko‘p. Masalan, xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida 4 milliard dollarlik 22 ta loyiha taklifini bildirgan. Ularning natijasida sanoat 12 trillion so‘mga o‘sadi, 250 million dollar eksport imkoniyati yaratiladi.
Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki tashkil etilib, 1 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga 50 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Zarbdor tumanining Shodlik mahallasida “Jizzax” sanoat zonasi filiali ochilib, 140 million dollarlik 15 ta yirik loyiha joylashtiriladi. Sharof Rashidov tumanidagi bo‘sh turgan inshootda sanoat zonasi tashkil qilinib, elektrotexnika va charm sanoati bo‘yicha korxonalar ishga tushiriladi.
So‘nggi yillarda Jizzaxda avtomobilsozlik vujudga keldi. Kelgusi uch yilda 1 milliard dollar investitsiya hisobidan uning quvvatini yana 100 mingtaga oshirib, 10 mingta ish o‘rni ochish, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida 220 million dollarlik 29 ta loyiha amalga oshirilishi aytildi.
Elektr jihozlari ishlab chiqaruvchi “Mono elektrik” korxonasi kasanachilik asosida ko‘zi ojiz insonlarni ish bilan ta’minlash tashabbusi bilan chiqqan. Davlatimiz rahbari ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu borada Jizzax tajribasini yo‘lga qo‘yish, shunday kasanachilik loyihalarini ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.
Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida sayyohlar uchun sharoit yaratish, 10 ta madaniy meros maskanida “turizm halqasi” tashkil etib, ularga eltuvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu yil viloyatda 4 ming 500 xonadonli 118 ta uy-joy qurish reja qilingan.
Talab yuqori tumanlarda qo‘shimcha uylar qurish, Jizzax shahridagi perenatal markaz va ko‘priklarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Umuman, Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tuman hokimlari, vazirlar axborot berdi. Videoaloqa orqali xorijdagi elchilar va tumanlar jamoatchiligi bilan muloqot bo‘ldi.