07.04.2024
7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga ikki mamlakat parlamentlari faol hissa qo‘shayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot yakunida parlamentlararo hamkorlikni, shu jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yanada rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi.