18.03.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni ushbu mamlakat prezidentligiga saylovda qozongan ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Davlatimiz rahbari saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari rossiyaliklar amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bugun o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur’atda oshib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, yetakchi korxonalar, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.
Joriy yilning aprel oyida Toshkentda kooperatsiyaning yangi shakllari va istiqbolli loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan navbatdagi “INNOPROM” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Telefon orqali muloqot chog‘ida bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.