26.02.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimiz standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilgan edi.
So‘nggi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi.
Shu bilan birga, oxirgi yetti yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga yetdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga ko‘paytirib, 25 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsad qilingan.
Shundan kelib chiqib, amaldagi texnik tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, uning eksportga ko‘maklashish va ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilishdagi ishtirokini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.
Milliy sertifikatlar chet elda tan olinishi uchun tizimli ishlash, Milliy etalonlar bazasini to‘ldirish orqali xorijda mamlakatimiz laboratoriyalarining sinov natijalariga ishonchni oshirish, hozirgi kunda eng zarur bo‘lgan texnik reglamentlarning mavjudlarini xalqaro talablarga moslashtirish va yangilarini ishlab chiqish zarur.
Standartlashtirish sohasidagi 6 ta axborot tizimi va 2 ta portalni o‘zaro integratsiya qilish, vazirlik va idoralarning standart sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirish, sohaviy texnik qo‘mitalar faoliyatini jonlantirish kerak.
Taqdimotda soha oldida turgan vazifalarni hal qilish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi to‘g‘ridan to‘g‘ri Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi belgilandi.
Eksportchilarga ko‘makchi bo‘lib, milliy sertifikatlar xorijiy davlatlarda tan olinishi bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, sifatsiz mahsulotlar importining oldini olish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitim talablarini amaliyotga joriy etish agentlikning asosiy vazifalari sifatida belgilanadi.
Shuningdek, agentlik soha uchun kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bevosita mas’ul bo‘ladi, aholi va tadbirkorlar bilan ishlashda shaffoflikni ta’minlash uchun sohani to‘liq raqamlashtiradi.
Joriy yilda rivojlangan davlatlar bilan sinov natijalarini ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ishlarini davom ettirib, 1,2 mingta korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, texnik reglamentlar bilan qamrab olingan mahsulotlar turini ko‘paytirish, amaldagi 19 ta texnik reglamentni qayta ko‘rib chiqish va yangilash, etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini joriy qilish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Jahon savdo tashkiloti bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida agentlik tuzilmasida Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazini ishga tushirish taklif qilindi.
Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy konsultantlarni jalb qilish va tarmoqlarda standartga mas’ul kadrlarni o‘qitish kerakligi aytildi. Sohani raqamlashtirish maqsadida “Texnik tartibga solish” yagona elektron axborot tizimi ishga tushirilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, joylarga chiqib, korxona va tadbirkorlar bilan uchrashish, ularning standart sohasidagi muammo va takliflarini o‘rganish muhimligini ta’kidladi hamda mutasaddilarga qaysi standartlarni ishlab chiqish yoki qayerda laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab, ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.