21.02.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 21-fevral kuni “Kelajak o‘yinlari” musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozon shahrida bo‘ladi.
Tashrif dasturida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi ko‘zda tutilgan. Unda 2023-yil 5-7-oktabr kunlari Rossiyaga rasmiy tashrif yakunida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Ta’kidlash joizki, Rossiya Federatsiyasida ilk bor tashkil etilayotgan va 21-fevral – 3-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan “Kelajak o‘yinlari” sportning an’anaviy turlari, ilmiy ishlanmalar va raqamli texnologiyalarni o‘zida mujassam etgan musobaqadir.
Ushbu yirik sport tadbirida 107 ta mamlakatdan 227 ta jamoa, shu jumladan O‘zbekiston sportchilari ishtirok etadi.