16.02.2024
Davlatimiz rahbari Xonobod shahri Yangi hayot mahallasida yashovchi Salohiddin Usmonov xonadonida mehmon bo‘ldi.
Oila boshlig‘i rafiqasi Ziyoda opa bilan ikki farzandni voyaga yetkazgan. Hovli obod. Uy zamonaviy qiyofaga ega, tomiga quyosh panellari o‘rnatilgan. Shuningdek, energiya tejamkor alohida isitish tizimi barpo etilgan.
So‘nggi yillarda Xonobodda turizm rivojlanmoqda. Infratuzilma yaxshilanib, sayyohlar jalb etilmoqda. Bu imkoniyatlardan foydalanib, xonadonda uy mehmonxonasi tashkil etilgan.
S.Usmonov qishloq xo‘jaligi mutaxassisi. Ular qo‘ziqorin yetishtirish bilan ham shug‘ullanadi.
Prezidentimiz bunday omilkorlikni ma’qullab, boshqa joylarda ham qo‘llash muhimligini ta’kidladi.
- Har bir mahallaning o‘z imkoniyatlari, an’analari, odamlarning xohish-istaklari bor. Mahalla uyushmasi va iqtisodiy kompleks vakillari ularni aniqlab, qo‘llab-quvvatlasa, aholini band qilish, daromad manbai yaratish mumkin. Shuning uchun hamma mas’ullarni quyi bo‘g‘inga tushirib, hududlarni mahallabay rivojlantirishga e’tibor qaratayapmiz, - dedi Prezident.