09.02.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko “Amirsoy” tog‘ dam olish maskaniga tashrif buyurdilar.
Kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda davlat rahbarlari madaniy-gumanitar yo‘nalishda, shu jumladan sport va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida boshqa hujjatlar qatorida 2024-2025-yillarda Sport sohasida hamkorlik bo‘yicha dastur va Turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi imzolangan edi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda sport va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirildi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Amirsoy” tog‘ dam olish maskani shular jumlasidan. Oxirgi uch yilda bu yerga 4 millionga yaqin sayyoh kelgan.
Jahon darajasidagi har mavsumga mos ushbu majmuaga tashrif davomida davlat rahbarlari sportchilar va sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar, ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm almashinuvini kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Yetakchilar samimiy muloqotni tog‘-chang‘i trassasida davom ettirib, birgalikda chang‘i uchdilar.