25.01.2024
Davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida “SANY” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Syan Venboni qabul qildi.
“SANY” shamol turbinalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi 10 ta kompaniya qatoriga kiradi. Shamol energetikasi qurilmalarini ishlab chiqarish va sotishga, shamol elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish, ishlatish va boshqarishga ixtisoslashgan.
Uchrashuvda kompaniyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasida shamol elektr stansiyasini barpo etish, shamol turbinalarining butlovchi qismlarini, qurilish va og‘ir yuk texnikasini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish kabi loyihalarni amalga oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga topshiriq berdi.