27.12.2023
Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari!
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Avvalambor, siz, azizlarni shunday qutlug‘ kunlarda, Yangi yil arafasida Yangi O‘zbekiston hayotidagi ulkan tarixiy voqea – “yashil” energetika sohasidagi yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ko‘rib turganimdan benihoya baxtiyorman.
Yaxshi xabardorsiz, biz bundan besh yil muqaddam qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha oldimizga juda katta maqsad va vazifalarni qo‘yib, amaliy ishlarni boshlagan edik.
Biz sohani isloh etishni, birinchi galda, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yetakchi ekspertlari bilan maslahat qilishdan boshladik.
Bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish va yangi qarorlarni qabul qilish orqali energetika tarmog‘ida bozor tamoyillariga asoslangan mustahkam qonunchilik bazasini yaratdik. Sohada ma’muriy-buyruqbozlik mexanizmlari va monopoliyadan voz kechib, zamonaviy boshqariladigan ochiq va shaffof tizimga o‘tdik. Xususiy sektor va xorijiy kompaniyalarning kirib kelishi uchun qulay imkoniyatlar yaratdik.
Energetika vazirligi, shuningdek, har bir alohida yo‘nalish bo‘yicha mas’ul va javobgar bo‘lgan yangi tashkilotlar tuzildi.
Xalqaro maslahatchi va konsalting kompaniyalarini yollab, ikki yil davomida mamlakatimizda quyosh, shamol va gidroenergetikani rivojlantirish imkoniyatlarini puxta o‘rgandik hamda eng samarali hududlar xaritasini tuzdik.
Natijada chet ellik investorlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi keskin oshdi.
Ilk bor 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan Karmana va Nurobod tumanlarida 2 ta quyosh stansiyasi ishga tushirilib, shu kunga qadar 1 milliard kilovatt soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Bugun esa mamlakatimiz tarixida yana bir yorqin sahifa ochadigan muhim hodisa – umumiy quvvati ikki ming to‘rt yuz megavatt bo‘lgan oltita yirik quyosh hamda shamol stansiyalari tarmoqqa ulanmoqda. Jumladan, O‘zbekistonning yaqin do‘sti va keng qamrovli hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyasining birinchi bosqichi barpo etildi.
Bundan tashqari, ushbu nufuzli kompaniya tomonidan Tomdi tumanida barpo etilayotgan zamonaviy shamol stansiyasining 100 megavatti ishga tushirilmoqda. “Gezhouba” kompaniyasi bilan esa Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi quyosh stansiyalarining dastlabki 400 megavattli generatsiyasi boshlanadi.
Eng e’tiborli jihati – ushbu barcha loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirildi.
Umumiy qiymati 2 milliard dollarlik bu loyihalar hisobidan yiliga 6 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, ikki milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. 2 million xonadon uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratiladi.
Bizning strategik sherigimiz va yirik savdo hamkorimiz bo‘lgan Xitoy ishtirokidagi loyihalar ilgari tajribada kuzatilmagan juda qisqa muddatda – 9 oy ichida ishga tushirilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman.
Jahonda ishlab chiqarish zanjiri va logistika bilan bog‘liq muammolar qanchalik murakkab ekaniga qaramasdan, biz bu borada “Goldwind”, “Sungrow”, “Jolywood”, “Longi” kabi kompaniyalar bilan samarali ish olib bordik.
Fursatdan foydalanib, bugungi tadbirimizda hozir bo‘lib turgan “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad al Ramahiy janoblariga, “China Energy” vitse-prezidenti Vu Yun janoblariga, “Gezhouba” kompaniyasi raisi Lin Syaodan janoblariga, bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etgan “Dong Fang”, “Smek”, “Sepko” va boshqa kompaniyalar rahbarlariga, nufuzli xalqaro bank-moliya institutlariga, mazkur loyihalarni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shgan barcha xorijiy va mahalliy mutaxassislarga, quruvchi-muhandislarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli tadbir qatnashchilari!
Biz nima uchun “yashil” energetika rivojiga bu qadar katta rag‘bat va e’tibor qaratyapmiz? Chunki, biz, eng avvalo, 2030-yilga borib sanoat hajmini ikki karra oshirishni, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatdan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz. Umumiy qiymati 150 milliard dollarlik 500 dan ziyod yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni ko‘zlayapmiz.
Bu ulug‘vor niyatlarimizga erishish uchun bizga kafolatli va barqaror energiya resurslari suv bilan havodek zarur. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, kelgusi olti yilda mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt soatga o‘sishi kutilmoqda. Buni, birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplaymiz.
Ikkinchidan, biz global muammoga aylangan iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha tinimsiz izlanyapmiz. Xalqaro sammitlarda muhim taklif va tashabbuslarni faol ilgari suryapmiz. Yaqinda Dubayda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida dunyo mamlakatlari “yashil” generatsiyani uch barobar oshirishga kelishib oldi.
O‘zbekiston ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va 2030-yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettiradi.
Uchinchidan, mamlakatimizda “yashil” energetika bo‘yicha nihoyatda ulkan salohiyat mavjud. Yaratganning o‘zi bergan bu buyuk imkoniyatdan unumli foydalanib, uni xalqimiz manfaatlariga yo‘naltirishimiz zarur.
Sohani rag‘batlantirish maqsadida quyosh panellari o‘rnatishga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatli sotib olish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” tizimini yo‘lga qo‘ydik. Shu yilning o‘zida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatildi. Mamlakatimizda 7 milliondan ortiq uy-joylar borligini hisobga olsak, bu investorlar uchun katta bozor yaratishini alohida qayd etmoqchiman.
To‘rtinchidan, hozirgi kunda global miqyosda “yashil” energiyadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga alohida ustunlik berilmoqda. “Yashil energiya” sertifikati keng joriy qilinmoqda.
O‘zbekiston kelgusida aniq reja va qat’iy sa’y-harakatlar orqali “yashil” energiyani Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozoriga ham yetkazib berish bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashlayapti.
Beshinchidan, ushbu soha sanoatning boshqa tarmoqlari va servisni rivojlantirishga juda katta ijobiy turtki beradi. Bugungi loyihalar doirasida 100 million dollarlik elektr jihozlari va qurilish materiallari mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilgani ham bu fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
Hozirgi vaqtda yurtimizda to‘rtta korxona quyosh panellari, yana ikkita korxona metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni boshladi. “Yashil” energiya sohasidagi ellikka yaqin loyihalar esa qo‘shimcha 500 million dollarlik kabel bozorini yaratmoqda.
Biz xorijiy hamkorlarimizni butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar bilan yaqin kooperatsiya aloqalarini yanada kuchaytirishga chaqiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar tarmoqda boshlagan katta islohotlarimizning yana bir yaqqol amaliy natijasidir. Bu chora-tadbirlarni izchil davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tib boramiz. Xususan, bu yo‘lda yaqinda energetika bozori regulyatorini tashkil etish bo‘yicha muhim qarorni qabul qildik.
Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida jadal ishlayapmiz. Shu bilan birga, yangi generatsiya quvvatlarini yetkazish uchun infratuzilmani yanada yaxshilashga alohida urg‘u beryapmiz.
Kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator, 100 dan ortiq podstansiyalar to‘liq yangilanadi. Shuningdek, 10 ming kilometr yuqori kuchlanishli yangi magistral tarmoqlar barpo etiladi.
Hech shubhasiz, sizlar bilan kelajakda yangi tashabbuslarni aniq loyihalarga aylantirish yo‘lidagi sermahsul hamkorligimizni yanada kengaytirib boramiz. Biz uchun ustuvor bo‘lgan bu kabi loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy investorlarga barcha sharoit va zarur imtiyozlarni yaratib beramiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizni kirib kelayotgan 2024-yil bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va olib borayotgan sharafli ishlaringizda ulkan omadlar tilayman.
Yangi yilimiz ham mana shunday quvonchli va fayzli lahzalarga boy bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!