15.12.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni yoshlar siyosatida amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yildagi ustuvor vazifalar bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.
Bu boradagi chora-tadbirlar 7 ta yo‘nalishda amalga oshirildi. Davlatning alohida e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar mutasaddi rahbarlarga biriktirilib, ular bilan individual ishlash orqali 331 mingining hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 94 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 56 mingi kasb-hunarlarga o‘qitildi.
“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari soni 30 taga yetdi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqardi.
Joriy yilda yoshlar yetakchilari tavsiyasi bilan 338 ming nafar yigit-qizga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Xususan, talabalarning shartnoma mablag‘lari to‘landi, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish xarajatlari qoplab berildi. Ishsiz yoshlarga mehnat qurollari ajratildi.
Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilib, joriy yilda 236 ming nafar ishsiz yigit-qiz va 189 ming nafar maktab bitiruvchisining bandligi ta’minlandi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” bu yildan boshlab 4 ta yo‘nalishda –mahalla, maktab, professional ta’lim va oliygohlar tizimida o‘tkazilib, jami 12 million nafar yoshlar qamrab olindi. Unda g‘olib bo‘lgan yoshlarning mahallalarida jami 623 ta sport maydonchasi barpo etildi.
Iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida kechayu-kunduz faoliyat yuritadigan ilk “Kreativ park” foydalanishga topshirildi. “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarga 2 million nafar yoshlar jalb qilindi.
Prezidentimizga Navoiy viloyatida barpo etilgan To‘dako‘l xalqaro shaxmat maktabi to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.
Zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlangan ushbu maktab yil davomida 1 ming 700 nafar o‘g‘il-qizni o‘qitish va 7,5 ming nafar yoshni turli tadbirlar bilan qamrab olish imkoniyatiga ega. U yerda jahon va Osiyo chempionatlari, universiada kabi xalqaro musobaqalarni o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu maktabga xalqaro grossmeysterlarni olib kelib, olis hududlardagi iqtidorli bolalarni ham jalb qilish, ular uchun shaxmat bo‘yicha qisqa muddatli oromgohlar tashkil qilish va tegishli sertifikatlar berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablari uchun tajriba va metodika manbai bo‘lishi kerakligi, shaxmat darslarini olib borish jarayonini raqamlashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda yoshlar bilan ishlash borasida 2024-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalarga ham e’tibor qaratildi.
Har bir hudud, vazirlik va idoralar tizimida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etiladi. Yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan beriladigan yordam turlari transformatsiya qilinib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatishga qaratiladi.
Bolalarning ko‘nikmalari, qiziqishlari va iste’dodini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston bolalar tashkilotini tuzish taklifi bildirildi. Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash borasidagi ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni takomillashtirish zarurligi qayd etildi.
“Ibrat farzandlari” loyihasi orqali xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar soni 1 million nafarga, “Mutolaa” dasturi orqali yosh kitobxonlar soni 1,5 million nafarga yetkazish choralari ko‘riladi. Buning uchun hududlarda qo‘shimcha infratuzilma barpo etilib, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidor va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun yanada keng sharoitlar yaratiladi.